Mualliflik bloglari

JOZE MOURINO...

Blog Maydon.uz

Mashhur sprinter Useyn Boltning asosiy kamchiligi tezkor start olishga qiynalar ekan. U ikki marta katta mag‘lubiyatga uchragan. Stokgolmda. Ikkalasida ham dastlabki tezlanishni raqiblariga boy bergan.

«Men dastlabki 30 metr ustida ko‘proq ishlashim kerak. Mening eng yuqori tezligim 40-50 chi metrlarda rivojlanadi» – degandi MYu ning ashaddiy muxlisi Useyn Bolt.

«Oriyat Dono»dagi «Maydon markazi» radioshousida Sanjar Rizayev ovozini eshitib o‘tirib, bir narsaga shukr qildim. Yaxshiyam Sanjar boshqa davrda, boshqa shaharda tug‘ilib qolmagan. Masalan, 80-yillarda u «Yunayted» rahbariyatida ishlaganida, Fergyusonni ikkinchi mavsumdayoq bo‘shatib yuborar va men hozir «Arsenal» muxlisi bo‘lib o‘tirgan bo‘lardim. Dahshat.

Qo‘yilgan savol esa yaxshi. Boshqa murabbiylar Pep Gvardiola va Antonio Konte bilan deyarli bir xil nuqtadan start olgan Joze Mourino nega oqsamoqda?

Har uch murabbiy ham bir xil pozitsiyada yangi klubdagi faoliyatlarini boshlaganlari rost. Bu fikrga qo‘shilaman. Hatto bu borada, Antonio Konte transferlar uchun kamroq pul sarfladi. Bu ham rost.

Lekin umuman olganda, har uch murabbiyda ham har qanday istaklarni bajo keltirishi mumkin bo‘lgan va yuqori o‘rinlarga qaytish o‘tida yonayotgan rahbarlari bor. Kimdir ko‘p, kimdir kam, bu imkoniyatdan foydalandi. Mavsum start olganida, har uch murabbiy o‘z sheflariga «chempionlik uchun kurashish» va’dasini bergani turgan gap.

Savolni qaytaramiz, xo‘sh, nega bu poygada Mourino orqada qolmoqda? Savolni davom ettiramiz, bu holatning mantiqiy asoslash mumkinmi yoki Mourino rostan ham avariyaga uchradimi?

Avval Pep Gvardiola va Antonio Kontega qisqacha baho beramiz.

O’yinni tashkil qilish va yangi jamoada o‘z uslubini yaratish nuqtai nazaridan Pep Gvardiola qulayroq pozitsiyada edi. Pellegrini «Manchester Siti»da qo‘llagan uslub ispan futboliga yaqin. Jamoa urg‘u beradigan jihatlar ham, tarkibdagi ijrochilar ham Gvardiola uslubiga juda yaqin futbolchilardan iborat. Shu tomondan qarasak, uning 9 g‘alabadan iborat ajoyib seriyasini izohlay olamiz. Shundoq ham mos poydevorga ega bo‘lgan jamoaga yangi murabbiy keladi, o‘z imzolarini qo‘ya boshlaydi va albatta, bu o‘zgarishlar futbolchilarga ijobiy ta’sir paydo qiladi, natijalar kela boshlaydi. Keyinchi?

Keyin, ishning asosiy qismi boshlandi. Pellegrinining «Siti»dan uzoqlashish va muhimi, yangi ijrochilarning (Bravo, Sane, Gundogan, Stounz, Nolito) tarkibga qo‘shilib borishlari. Mavsum avvalida zaxiradan eski ansamblga yordamchi sifatida maydonga tushib, hatto gollar ura boshlagan mana shu yangilardan endi mutlaqo yangi talab – sistemaning murvatiga aylanish so‘rala boshlandi. Tabiiyki, natijalarga putur yetdi. «Manchester Siti» qatorasiga 5 o‘yindan beri g‘alaba nimaligini bilmayapti. Jamoa oxirgi ikki o‘yinda o‘z maydonida durang o‘ynadi. Barselonada yirik hisobda yutqazdi.

Hozirda Pep Gvardiola umumiy rakursdan chetda qolayotganining sababi, yuqorida ta’kidlaganimiz – ajoyib start. Aynan startda qo‘lga kiritilgan 18 ochko natijasi, oxirgi uch o‘yindan atigi 2 ochko to‘plagan «Manchester Siti» hali ham peshqadam bo‘lib turibdi. Jamoani bosimdan qutqarib turgan jihat ham mana shu.

Endi Antonio Konte va «Chelsi»ga kelamiz. Kontening murabbiylik tajribasi raqiblariga nisbatan sal kamroq. Aniqrog‘i, faqat «Yuventus» va Italiya terma jamoasidagi faoliyati bilan ommaga tanish bo‘lgan Konte asosan bir xil uslubda natijaga erishgan. Mana shu jihati uning Angliyaga kelishida tahlika o‘laroq aytilgan. Mana shu jihat tufayli, uning malakasi borasidagi shubhalar juda tez, «Chelsi» ikki marta mag‘lubiyatga uchragandayoq paydo bo‘ldi. Hatto uning iste’fosi haqida ham gapirila boshlandi. Shu bilan birga, aytish mumkinki, bosim jihatidan Konte ustunlikka ega bo‘lgan. Abramovich murabbiylarni qo‘lqopdek almashtirishi bilan mashhur bo‘lsa-da, futbol jamoatchiligi, jurnalistlar tomonidan «Chelsi»dan ko‘p narsa talab qilinmayotgandi. Avvaliga ko‘raylikchi, bu ishdan nima bo‘larkin, degan kayfiyat xukmron, hatto hozir ham.

Balki shu tufaylimi, Konte mavsum boshida ingliz futboliga moslashishga harakat qilib ko‘rdi. Hech qachon e’tibor qaratmagan 4-4-2, 4-3-3 taktikalarida o‘ynadi, bemalol jamoa imkoniyatlarini o‘rgandi. Jamoa dastlabki turlarda g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, gollar asosan so‘nggi daqiqalarda kiritildi, «Chelsi» g‘alabalarida emotsiyaning ulushi ko‘proqdek tuyular, jamoaning haqiqiy potensiali haqida ko‘pchilik jimlikni tanlar, Manchester klublari kabi bo‘lajak chempion deyilmasdi.

Keyin «Suonsi», «Liverpul» va «Arsenal»ga qarshi o‘yinlar. Bu 3 o‘yinda «Chelsi» atigi 1 ochko jamg‘ardi. London derbisida yirik hisob qayd etildi hatto. Mana shu uch o‘yin avvalgi g‘alabalarning tasodif ekanini isbotlagandek bo‘ldi. Kontening iste’fosi, uning o‘rniga keladigan nomzodlar gapirila boshlandi.

Kontening bu holatga reaksiyasi kutilgandek bo‘ldi. U o‘zi bilgan, o‘ziga muvaffaqiyat keltirgan, o‘zini murabbiy sifatida tanitgan uslubiga qaytdi. Bu raqiblar uchun qanchalik kutilmagan bo‘lgani-yu, uzoq masofada «Chelsi» bu yo‘nalishda muvaffaqiyat qozonadimi, bu masalani keyinroqqa surib turish kerak. Aslida, Kontening mavsum boshidan mana shu uslubni tanlamaganining sababi bo‘lgan – «Chelsi» tarkibida mos ijrochilar bo‘lmagan. Misol uchun, hozir 3-4-3 dagi eng muhim bo‘lak – literallar vazifasini Mozes va Alonso bajarmoqda. Tan olish kerak, bu nomlar chempion nomlar emas. Ular bu vazifani butun mavsum davomida bir xil tempda bajara oladilarmi yoki shunchaki, faoliyatlarining kuchli davrini boshdan kechirmoqdalar xolosmi? Bu ham keyin qaytiladigan savol.

Oqibat shuki, Konte aynan shu uslubni ajoyib shaklda o‘zlashtira olgani ma’lum bo‘ldi va «Chelsi» oxirgi uch o‘yinni umumiy 9-0 hisobida g‘alaba bilan yakunladi. Peshqadamdan atigi bir ochko ortda borayotgan «Chelsi»da hozircha muammo yo‘q.

Endi bu uchlik orasida eng ko‘p oqsayotgan va har tomonlama autsayder hisoblangan Joze Mourinoga kelamiz.

Joze Mourinoning boshlang‘ich nuqtasi hamkasblari bilan deyarli bir bo‘lgani va ham o‘yin, ham ochkolar borasida ulardan ortda qolayotgani aniq, bu bahslashilmaydigan jihat. Ammo aynan Jozening jamoasi mavsumni boshqalardan yomonroq boshlashi avvaldan ma’lum edi. Shu isbotlay olsak, APL dagi bugungi holat nihoyatda tabiiy ekaniga amin bo‘lamiz.

Bilasizmi, Joze Mourino yuqorida tilga olingan ikki hamkasbidan, umuman olganda, Yevropadagi juda ko‘p murabbiylardan farqli mutaxassis. G’alati tuyulishi mumkin sizga, ammo men uni Aleks Fergyuson, Karlo Anchelotti kabi murabbiylar toifasiga qo‘shaman. Tushuntiraman:

Gvardiola, Konte, Klopp va yana bugungi kunda muvaffaqiyat qozonayotgan ko‘pgina murabbiylar o‘zlariga xos uslubga egalar. Gvardiola qayerda ishlamasin, u boshqaradigan jamoa qanday o‘ynashini hamma bilib turadi. Kloppning imzosini Liverpulda ham tanimoqdamiz va «Borussiya»ning inglizcha ruhiyatini his qilmoqdamiz. Kontega ham aynan shu tarafdan qarab ham ko‘rdik yuqorida.

Mourino boshqa toifa. Joze Mourino qayerda ishlamasin, o‘z uslubini yaratib, shunga mos o‘yinchilar yig‘ib olmaydi. U boshqargan jamoalarga qarang: «Chelsi», «Real», «Inter», Portu» – albatta, umumiy jihat bor – tezkorlik, himoyada qat’iylik, qarshi hujumlar. Ammo bu uslub emas, to‘g‘rimi?

Yaxshiroq e’tibor bersangiz, sxemalardan tortib, ijrochilarning harakterigacha, maydonda bajariladigan vazifalarning ko‘lamigacha, bu jamoada tubdan farq qiladi. Raneri tashkil qilgan «Chelsi»ga keldi va o‘sha 4-3-3 ni mukammal darajada rivojlantirdi. Saviyaliroq va mos ijrochilarni yig‘di va o‘zining eng kuchli jamoalardan birini tuzdi.

«Real»ga keldi. Boshqa. 4-2-3-1, «Inter»ga bordi, yana 4-3-3, lekin bu «Chelsi»dagidan tubdan farq qiladi. Ko‘proq 4-5-1 ga yaqin. Mourino qayerga bormasin, o‘sha chempionatga mosroq bo‘lgan uslubga murojaat qilgan va uning jamoaga kelgandagi eng muhim va eng asosiy ishi, tarkibdagi ijrochilarga eng mos bo‘lgan sxemani va ushbu tarkibdagilar ichida eng kuchli tarkibni aniqlab olish bo‘lgan. Doimo.

Bu jihatdan uni bekorga Fergyusonga o‘xshatmadim. Qarang, Arsen Venger bilan Fergyusonning eng katta farqi mana shunda. Fergyuson 26 yil bir jamoani boshqargan bo‘lsayam, qat’iy bir uslubga bandi bo‘lmagandi. O’ylab qarasak, yangi uslubni yaratib, jamoa tarkibidan tortib akademiyasigacha mana shu yo‘nalishda ishlash uchun eng zo‘r imkoniyat va vaqt Fergyusonda bo‘lmaganmidi? Bo‘lgan.

Ammo yuqorida aytganimdek, Fergyuson unaqa toifada emasdi. Vengerning o‘tgan asr oxiridagi «Arsenal»iga qarab turib ham, bugungi «Arsenal» qirralarini ko‘ra olasiz, ammo Fergyusonning barcha «Manchester»lari tubdan farq qilardi. Ularni umumlashtiruvchi jihatlar faqat insoniy xislatlar – tajovuz, tezkorlik, mehnat, iroda, bo‘lgan.

Albatta, Joze Manchesterga tayinlanayotganda yoki mavsum avvalida qanday uslubda harakat qilishini chamalagan. Rejasi bo‘lgan, buni rad qilmayman. Shunga yarasha transferlar amalga oshirgan, to‘g‘ri. Lekin bu masalan Gvardiolaniki kabi qat’iy emasdi. Konte singari, istalgan paytda, o‘zi a’lochi bo‘lgan uslubga qaytib oladigan darajada «konspekti» ham yo‘q edi. Bu aslida uning kamchiligi emas, yutug‘i. U doim vaziyatga moslashgan.

Qanaqa uy qurasiz? Shahringizning iqlimi qanaqa, qibla qayoqda, ertaga to‘yni qayerda qilasiz, mehmon kelib qolsa, qayerda o‘tiriladi, tualet qayerda bo‘lsa qulay, ertaga nevaralar qaysi uyda yashashadi – bularning hamma hammasini hisobga olgan holda rejalashtirasiz, to‘g‘rimi?

Chodirnichi? Ayni paytdagi ob-havo, qulaylik, joyning xususiyatlari bosh planga chiqadi. Joze Mourino har doim uslubini ayni vaqtdagi talablarga moslashtirgan. Uslubiga mos futbolchilar yig‘magan, yo‘q, aksincha, qo‘l ostidagi futbolchilarga mos bo‘lgan uslubni izlab topgan. Unga sovrinlar keltirgan ustunlik mana shunda.

Oddiy isbot, Xuan Mata. Mata «Chelsi»daligida Jozega mos kelmasdi. «Manchester Yunayted»da esa, yetakchilardan biri bo‘lyapti. Sababini Jozening o‘zi ham tushuntirdi. O’sha «Chelsi» va bugungi «MYu» butunlay boshqa boshqa jamoalar. Aksincha bo‘lishi ham mumkin. Gvardiola Busketsni o‘zi boshqaradigan hamma jamoasida o‘ynatishi mumkin, Joze unaqa qila olmaydi.

(Fergyuson ham ko‘p adashgan. Omadsiz mavsumlari ham, omadsiz o‘yinlari ham bo‘lgan. U ham Bekxem o‘rniga Veronni, Ronaldu o‘rniga Valensiyani qo‘yib, bir nimalar izlagan. Farq shundaki, Fergyusonda yetarli vaqt bor edi doim. Hech kim undan shubhalanmagan, «balki adashayotgandir» degan fikrlar yangramagan. Hech kim u haqida karikatura chiza olmasdi. Yo‘q)

Shu tarafdan olib qarasak, Mourinoning «Inter»dagi ilk mavsumi u qadar yaxshi boshlanmaganini, va hatto «Real»da yanayam dahshatliroq, 0:5 ni boshdan kechirganini eslaymiz.

Shu tarafdan olib qaraganda, Joze Mourinoning bugungi izlanishlari g‘oyat tabiiy hol ekanini ko‘ramiz. U bugun Fellaynini, ertaga Karrikni tushirishi mumkin. U bugun Matani zaxira varianti deb, ertaga uni jamoa yetakchisi deya oladi. U Mxitaryanni katta pulga sotib olishi, ammo fikridan qaytib, umuman maydonga tushirmay qo‘yishi mumkin. U «Chelsi»da turib Runini tinmay chaqirishi, Manchesterga kelib unga sardorlik bog‘ichini taqishi, ertaga esa Xitoyga sotib yuborishi mumkin. Kecha 4-2-3-1, bugun 4-3-3, ertaga balki 4-4-2 da to‘xtalishi mumkin. Tabiiy holat.

Yo‘q, bu boshbodoqlik emas. Shunchaki, Mourino futbolga boshqa hamkasblari kabi sport deb emas, bilim deb qaraydi. Bilim odami bilasiz, qo‘l ostidagi faktlarga qarab xulosa chiqaradi faqat. Mourino uchun o‘yinchining uslubi, harakteri, ishonchi, potensiyali o‘n ikkinchi darajadagi masalalar. U uchun eng birinchi navbatdagi asos ayni paytda futbolchi ko‘rsatayotgan o‘yindir.

Uning ustidan kulasiz. Ayblaysiz. Xatolarini topasiz. Kechaga to‘g‘ri kelmayotgan bugungi qarorlaridan taajjubga tushasiz. G’alati tuyuladi. Ammo bu g‘alati emas. Bu tabiiy. Mourino qidiradi. Qidirmoqda.

Topguncha qidiradi.

Yoki unga berilgan vaqt tugaguncha…

Qahramon Aslanov

0.00%
Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.