Mualliflik bloglari

AHMOQ JURNALISTLAR

Blog Maydon.uz

Joze Mourino bir hafta davomida AFA tomonidan ikkinchi marta ayblanmoqda. Tunov kuni, «Byornli»ga qarshi o‘yinning tanaffus chog‘ida hakam Mark Klattenburgga «bir narsa, bir narsa» dedi va qizil kartochka oldi. Bu bilan tugamaydi. Hali yana ko‘rib chiqiladi. Birinchi holat esa, yanada qiziqroq.

«Liverpul» – «MYu» o‘yiniga hakam etib tayinlangan Entoni Teylorning uyi Manchesterga juda yaqin ekan. Bu holat futbol jamoatchiligida rezonans keltirib chiqardi, ba’zilar hakamni almashtirish kerakligi, Teylor «MYu» muxlisi bo‘lishi mumkinligini ayta boshladilar. Mourino ham chetda qolmadi – «Teylorning manchesterlik ekani unga bosim o‘tkazadi, bu bosim unga ushbu uchrashuvni yaxshi boshqarishga halaqit berishi mumkin» dedi. Bu fikrlar uchun Joze Mourinoga qarshi ish ochildi, u jarimaga tortilishi mumkin.

Boshqa bir mavzu. Bilasizmi, jurnalistlarimizning muxlislar tomonidan eng ko‘p malomat qilinadigan jihat bor. Matbuot anjumanlaridagi savollar. Ko‘pincha, jurnalistlarning saviyasi haqida gap ketganida, muxlislar «rost-de, matbuot anjumanlarida saviyasiz savollar berishadi, mana bu savolni so‘rashmaydi, mana bunisini so‘rashmaydi» deb qolishadi. Men bu fikrlarga qo‘shilmayman.

Yo‘q, gap o‘sha qaysidir savolni olib, bu saviyali savolmi yoki saviyasizmi, deb tahlil qilishda emas. Unaqa qilmayman. Masala, bu ishni qilishdan ma’no yo‘qligida. Jurnalistning savoli har doim parda ortida qolishi kerak. Matbuot anjumanida jurnalistning vazifasi aqlli savol berish emas, murabbiy yoki futbolchini gapirtira oladigan savol berishdir. Ahmoqona bo‘lsa ham.

Tasavvur qiling, bir tentakroq mashhur shaxsga «bugun nima ovqat yeding?» deb savol berishsa, hech qachon nima ovqat yeganini aytmaydi. Ammo har doim bu savolni eshitsa, «ochilib ketadi» va ko‘nglidagi borini to‘kib soladi. O‘zini qiynagan mavzularni gapirib tashlaydi. Endi, shundan kelib chiqib, o‘sha mashhur shaxs qatnashadigan har qanday matbuot anjumanida jurnalistlarning undan «Bugun nima ovqat yeding?» deb so‘rashlari mantiqan to‘g‘ri bo‘ladimi? Albatta. Jurnalist o‘sha odamning nima ovqat yeganiga qiziqmasligi mumkin, baribir o‘sha ovqat nima ekani haqida aytmasligini bilishi mumkin, ammo aynan shu savol o‘sha mashhur shaxsni gapirtirishi mumkinligini bilsa, beradi shu savolni. Ahmoqona savol faqat ahmoq odamlardan chiqadi, deb tushunmaslik kerak.

E’tibor berganmisiz, chet el matbuotida anjumanlarning yoritilish uslubi biroz boshqacha. Aksariyat holatda murabbiyning fikrlari beriladi, bu fikrlar aynan qaysi savolga javoban yangragani yozilmaydi ham. Savollar parda ortida qoladi. Shu savolni kim bergani, qaysi savol to‘g‘ri berilgani-yu, qaysi savol saviyasiz ekani kun mavzusi bo‘lmaydi. Jurnalistlarning savollaridan faqat Lui van Gaalga o‘xshagan murabbiylar norozi bo‘ladi, e’tiroz qiladi, ammo hech kim, muxlislar ham, jurnalistlar ham uning bu e’tirozini qabul qilmadilar ham. Sening ishing jamoani shug‘ullantirish, natija ko‘rsatish, har qanday savol bo‘lsa, javob berish. Tamom.

Kecha O‘FF ning Denisov masalasida pozitsiyasi chop etildi. Federatsiya rasman Denisovni qo‘llab quvvatlagan, ammo shu bilan birga u bilan tushuntirish ishlari olib borilayotgani bayon qilingan. Qanaqa tushuntirish ishlari, buni bilmadim, ammo  bir narsani aniq bilaman, endi Denisov jurnalistlar haqida hech narsa demaydi. Bu holatni futbolchining erkin fikr bildirish huquqidan bug‘ish, deb ta’riflaganlar ham, u holatda jurnalistlarni ayblaganlar ham bo‘ldi. Ha nima, futbolchi jurnalistlar haqida o‘z fikrini ayta olmaydimi? Jurnalistlar tanqid qilib yotibdi-ku, hammani, o‘zlari nega tanqid ko‘tara olmayaptilar?

Bilasizmi, bu yerga gap jurnalistning tanqid ko‘tarish yoki ko‘tarmasligida emas. Denisov fikrini qay darajada to‘g‘ri ekanida ham emas. Denisov bu fikrni ommatan barcha jurnalistlarga emas, o‘zi uchratgan ba’zilarga nisbatan aytgan bo‘lishi ham mumkin. Mumkin demaylik, aynan shunaqa ekan, futbolchining o‘zi buni tan oldi. Jurnalistlar bu birgina fikrni o‘zlariga olishmasa, shu to‘g‘riroq bo‘larmidi? Yo‘q, agar Denisov aytaylik «Qahramon Aslanov degan jurnalist saviyasiz» deb aynan bir kishini nazarda tutganida ham, boshqa jurnalistlarga tegib ketishi kerak edi. Gap bu yerda gap kim haqida borayotganida emas, jurnalistika kasbiga nisbatan munosabatda.

Entoni Teylor manchesterlik ekani, uni almashtirish kerakligi yoki kerakmasligi haqida yuzlab jurnalist yozdi Angliyada. Ammo bu haqida hatto tanqidiy fikr bermagan bo‘lsa ham, Joze Mourino jazolanmoqda. Qizig‘i, erkinlikning, demokratiyaning o‘chog‘i bo‘lgan Angliyada bu mavzu «erkin fikrni bo‘g‘ish» sifatida muhokama qilinmayapti. Sekretari bilan «don olishgani» uchun Sven Goran Erikson terma jamoa murabbiyligidan bo‘shatilganda ham, Glenn Xoddl intervyuda noto‘g‘ri gapirib yuborgani uchun ishdan ketganida ham, hech kim «fikr va jinsiy hayot erkinligi» kuychisi bo‘lmagandi.

Joze Mourino – klub bosh murabbiyi. Qaysidir ma’noda APL ni ham, AFA ni ham tamsil qiladigan rasmiy shaxs. Bu yerda mavzu Mourinoning erkin fikrlashdan cheklash emas, imij va etika nuqtai nazaridan ba’zi fikrlarini o‘z ichida saqlab turish kerakligidir.

Vitaliy Denisov terma jamoamiz futbolchisi hisoblanadi. O‘FF imijini himoya qiladi. Bo‘lib o‘tgan voqealarda O‘FF jurnalistlar bilan emas, aynan Denisov bilan tushuntirish ishlari olib borishi tom ma’noda to‘g‘ridir. O‘FF bu holatda faqat Denisovni savolga tutishi, faqat Denisovni ba’zi fikrlarni yozmaslikka chaqirishi mumkin xolos. Agar aksi bo‘lib, O‘FF Denisovni to‘liq yonini olgan holatda, jurnalistlarni bu mavzuni «chaynamaslikka» chaqirganida, «fikr erkinligiga qarshilik» sifatida baholangan bo‘lardi. AFA Teylor ishida bu mavzuni ko‘targan hammani emas, aynan Jozeni jazolaganidek.

Ya’ni Denisovga «jurnalistlar haqida o‘z fikringni bildirma» deb aytilishi normal holat, jurnalistlarga «Denisov haqida o‘z fikringni bildirma» deyish juda noto‘g‘ri bo‘ladi. Ba’zilarning buning teskarisini to‘g‘ri deb bilishlari, shaxsan menga qiziq tuyulmoqda.

(albatta bu yerda kimning fikri to‘g‘ri-noto‘g‘ri yozayotgani mavzu emas. Denisovning jurnalistlar haqida bildirgan fikri, jurnalistlarning u haqida bildirgan ba’zi fikrlaridan to‘g‘riroq, bu shubhasiz. Unday fikrlarga har bir yozgan jurnalist va muxlis individual tarzda javobgar. Bugungi mavzu kimning ovozi o‘chishi va kimniki o‘chmasligi haqida edi xolos)

Mavzu yana shu haqida ediki, jurnalistlar ming aqlli bo‘lsalar ham, ahmoq bo‘lish huquqiga egalar. Aksincha, futbolchi yoki murabbiy ming ahmoq bo‘lsa ham, aqlli bo‘lishga majbur.

0.00%
Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.