Mualliflik bloglari

APL VS LA LIGA!?

Blog InterFutbol.uz

Navbatdagi qaynoq mavzuga murojaat etamiz: sayyoramizning bugungi kundagi eng kuchli milliy birinchiliklari - Angliya premer-ligasi va Ispaniya primerasini o‘zaro solishtiramiz. Xo‘sh, bu qarama-qarshilikda kim g‘olib chiqadi: ispaniyalik chempionlarmi yoki ingliz boylari?

XXI asrdagi yevroyutuqlar. (2000/2001 mavsumidan boshlab)

Chempionlar Ligasida: La Liga vs APL = 7:3

UEFA kubogi/Yevropa Ligasida: La Liga vs APL = 8:2

UEFA tasarrufidagi turnirlar haqida gapiradigan bo‘lsak, bu duelda ispanlarning ustunligi yaqqol seziladi - 15:5. Yangi asrda La Liga vakillari yevromukofotlarga erishishda APL klublarini sezilarli tarzda ortda qoldirishgan. Beshta kubokni «Chelsi», «Liverpul» va «Manchester Yunayted» o‘zaro bo‘lishib olishgan, primerada esa g‘oliblar soni beshtani tashkil qiladi - «Barselona», «Real», «Atletiko», «Sevilya» hamda «Valensiya». O‘z navbatida, so‘nggi olti mavsumdagi Yevropa sovrinlari aynan ispanlarga nasib etganini eslatib o‘tmoqchimiz.

UEFA koeffitsientlar reytingi. (Chempionatlar) La Liga vs APL = 87.141 (1-o‘rin) - 63.819 (3-o‘rin)

APLdagi klublarning o‘rtacha darajasi yuqori ekani Angliya chempionati foydasiga ishlaydigan dalil. Yevroturnirlarda tumanli o‘lka va Ispaniyadan 7tadan jamoa ishtirok etishini inobatga olsak, futbol asos solingan mamlakat vakillarida katta tafovutni bartaraf etish imkoniyati mavjud. Shunga qaramay, umumiy darajadagi ustunlik koeffitsientlar jadvalida ispanlarni ortda qoldirish uchun yetarli bo‘lmayapti. Hattoki, APL ikkinchi pog‘onani bundesligaga boy bermoqda. Agar 20ta klub imkoniyatlari chamalansa, darhaqiqat, Angliya chempionati g‘alabalarga yaqinroqdek ko‘rinadi, biroq bu shunchaki faraz, xolos.

(Klublar) La Liga vs APL (yuqori o‘nlikdagi jamoalar soni) = 4:1

Yevropaning eng kuchli klublari kvartetida Ispaniyaning uchta vakili joy olgan: 1. «Real»; 2. «Bavariya; 3. «Barselona»; 4. «Atletiko». Yevropa Ligasida qatorasiga uch marta zafar quchgan «Sevilya» esa 10-pog‘onani egallab turibdi. APL klublari orasida esa eng yuqori ko‘rsatkich «Chelsi»ga tegishli - 8-o‘rin. Biroq londonliklar joriy mavsum yevrokuboklardan chetda qolishgani sababli ularning reytingda quyiga «sho‘ng‘ishlari» ehtimoli yuqori.

Yevrokuboklardagi o‘zaro bahslar. La Liga vs APL (1992 yildan - APLga asos solingan sanadan boshlab) = 72:50. 49ta durang. To‘plar nisbati: 229-197

Tabiiyki, APL va primera klublari UEFA tasarrufidagi turnirlarda tez-tez to‘qnash kelishadi: so‘ng­gi 24 yil ichida o‘zaro 171ta o‘yin o‘tkazishgan. Bu yerda ham ispan klublarining ustunligini ko‘rishimiz mumkin. Misol uchun, o‘tgan mavsumda «Barselona» YeChL 1|8 finalida «Arsenal»ni har ikki uchrashuvda mag‘lubiyatga uchratdi. «Real» esa shu turnirning yarim finalida «Manchester Siti»dan ustun keldi. «Liverpul» Yevropa Ligasi yarim finalida «Vilyarreal»ni yengganiga qaramay, hal qiluvchi bahsda «Sevilya»ga imkoniyatni boy berdi.

Ligalardagi futbolchilar narxi. La Liga vs APL = 3.48 milliard yevro - 4.84 milliard yevro

Angliya premer-ligasiga dastlabki ballni keltirgan omil. Tarkiblar narxi bo‘yicha tumanli o‘lka vakillari ispaniya elitasi klublarini deyarli bir milliard yevroga ortda qoldirishmoqda. To‘g‘ri, o‘yinchilar transfer narxi va uning darajasi borasida chempionatlardagi proporsionallik farq­lanishi mumkin, biroq bunday sezilarli tafovut Angliyada to‘p surayotgan futbolchilarning o‘rtacha daraja va mashhurlik bobida ispanlardan yuqoriroq turishlarini ko‘rsatayotgandek.

Sayyoramizning eng kuchli futbolchilari. La Liga vs APL (narx borasida yuqori o‘nlikdan o‘rin egallagan futbolchilar soni) = 7:1

Joriy mavsum «Manchester Yunayted» safini to‘ldirgan Pol Pogba sayoramizning eng yaxshi futbolchilari o‘nligida APLdan yagona vakil bo‘lsa, La Ligada bunday yulduzlar 7 nafarni tashkil qiladi: Messi, Ronaldu, Beyl, Grizmann, Suares, Neymar va Xames Rodriges. Yuqorida nomi keltirilganlardan tashqari, kuchli o‘nlikdan «Bavariya»ning ikki a’zosi - Tomas Myuller va Robert Levandovski ham o‘rin egallashgan.

La Liga vs APL (XXI asrda «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritganlar) = 11:2

Yangi asrda Angliya premer-ligasida to‘p surib, «Oltin to‘p»ga ega chiqqanlar ikki nafarni tashkil etadi: Maykl Ouen («Liverpul», 2001) hamda Krishtianu Ronaldu («MYu», 2008). Shu davr mobaynida «Real» va «Barselona» futbolchilari bosh individual sovrinni 11 marta qo‘lga kiritishgan: kataloniyaliklarda 6ta (Messida 5ta, Ronaldinoda 1ta), madridliklarda esa 5ta (Ronalduda 3ta, Kannavaro va Ronaldoda 1tadan). 2016 yilgi «Oltin to‘p» ham aynan primera vakillariga nasib etishiga shubha yo‘q. Hozircha Krishtianu Ronaldu APLdan ushbu sovrin da’vogarlari kuchli uchligiga kirgan (2009 yil) so‘nggi futbolchi bo‘lib turibdi. Oxirgi olti yil mobaynida sayyoramizning eng yaxshi uch nafar o‘yinchisi ro‘yxatida ikki marta Ispaniya primerasida to‘p surmaydiganlar nomi qayd etilgan - bular «Bavariya» a’zolari Frank Riberi hamda Manuel Noyer.

Tijorat va tomoshabinlar qiziqishi - APL raqobatdan xoli

Ushbu ikki omil o‘zaro bog‘liqlik kasb etadi, ularni alohida tasavvur qilish qiyin. Tomoshabinlar qiziqishi bo‘lmaganda, 6,8 milliard yevroga teng rekord darajadagi televizion shartnoma tuzish imkoniyati tug‘ilarmidi?  E’tibor bering-a, televideniedan tushgan aynan shu pullar tufayli APLning 20ta vakili avtomatik tarzda sayyoramizning eng boy 30ta klubi ro‘yxatidan o‘rin egallashdi! Qaysi chempionat badavlatroq? Javob aniq - APL. La Liga bilan solishtirilganda, tumanli o‘lka birinchiligi nisbatan qimmatroq, ommabop va mashhur brendga aylangan. Tomoshabin televizor pulti, kanallardagi reklamalar orqali ovoz beradi. Angliya chempionati translyatsiyalari katta pul evaziga sotib olinadi, bundan tushgan mablag‘ hisobiga esa APL bilan tuzilgan shartnomalar qoplanadi. Tumanli o‘lkada tijoriy daromadlar chempionat qatnashchilari o‘rtasida teng taqsimlanadi. Primerada esa, ulushning katta qismi «Real» va «Barselona»ga tekkani holda, boshqa jamoalar mazkur masalada ulardan ancha ortda borishmoqda. Umuman, «Atletiko» va «Sevilya» shunday grandlar bilan bitta chempionatda o‘zaro bahs yuritib, katta kuchga aylanish mumkinligini amalda isbotlashdi.

Muxlislar fikri: La Liga vs APL - ?

Bugungi kunda La Liganing APLdan ustunroq ekanini tan olishdan o‘zga iloj qolmayapti. Inglizlar hozircha faqat boyliklarini ko‘z-ko‘z qilishlari mumkin, binobarin, shunday katta mablag‘lar bilan ham yirik musobaqalarda nafaqat ispanlar, balki qisman nemislarga ham imkoniyatni boy berishmoqda. Xullas, ushbu masalaga yanada chuqurroq kirishish mumkin, zero APL o‘ziga to‘q, angliyaliklar o‘z ichki chempionatlarini YeChLdan ko‘ra ahamiyatliroq, daromadliroq, mashhurroq deb bilishadi. Go‘yoki, La Liga klublari katta yutuqlarga erishayotgan turnirlarga orolliklar u qadar katta ehtiyoj sezishmayotgandek. Har qanday solishtiruvlar jarayonida yuqorida qayd etilganidek faktlar, muayyan tendensiyaga aniqlik kirituvchi yopiq va ochiq sabablar, shuningdek, omma fikri inobatga olinadi. Ko‘pincha birgina «Menga yoqadi» deyishning o‘zi kifoya qiladi. Shunday ekan, bugungi mavzu yuzasidan muxlislarga ham murojaat etsak: sizningcha, qaysi chempionat kuchliroq - La Ligami yoki APL?

0.00%
Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.