Yaqindagina Angliya premer-ligasi bahslarida urilgan bir-biridan chiroyli gollarni ko‘rdingizmi? Ayniqsa, «MYu» yarimhimoyachisi Genrix Mxitaryan hamda Olive Jirularning «chayon» zarbasi bilan darvozani ishg‘ol qilganlari butun ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Biz esa ana shu gol mualliflaridan biri, armanistonlik Genrix Mxitaryan haqida so‘z yuritmoqchimiz. Uning o‘tmishi, futbolchilik faoliyati xususida.
Genrixning otasi Gamlet Mxitaryan o‘z vaqtida Armaniston oliy ligasida to‘p surgan eng umidli hujumchilardan biri edi. 1984 yilda «Sovet jangchisi» jurnali kichik jussali va nihoyatda tezkor hujumchi Gamletni «Hujumdagi ritsar» mukofoti bilan taqdirlaydi. Bu esa Armanistondan yangi futbol yulduzi yetishib chiqayotganidan darak berardi. Ammo, hayot har doim ham biz istaganimizdek bo‘lavermaydi.
Mxitaryanlar oilasida yangi mehmon – Genrix dunyoga kelgan vaqtlarda Armanistonda yuzaga kelgan to‘s-to‘polon natijasida, 1990 yil Gamlet o‘z oilasi bilan Fransiyaga ko‘chishga majbur bo‘ldi. Futbolchi u yerda ikkinchi liga vakili «Valansen» safida 5 yil to‘p surdi. Ana shu besh yil Genrix Mxitaryanning futbol bilan yaqinlashishiga sabab bo‘ldi.
– Otam mashg‘ulotlarga ketayotganda meni ham o‘zi bilan olib ketishini so‘rab xarxasha qilardim, – deydi Genrix. – U esa, men bilan bo‘lsa, mashg‘ulotlardan chalg‘ishini o‘ylab, ko‘pincha turli bahonalar o‘ylab topardi. Shundan so‘ng u mashg‘ulotlarda ter to‘kib mehnat qilardi. Men esa uning kelishini intiqlik bilan kutardim. Charchagan, holdan toyib qaytgan otamni ko‘rgach, meni aldab mashg‘ulotga borganini tushunardim va yig‘lab janjal ko‘tarardim, – deya xotirlaydi «MYu» yarimhimoyachisi.
Otasi bilan unchalik ko‘p vaqtni birga o‘tkazmagan bo‘lsada, aynan o‘sha lahzalar Genrixning hayotida muhim rol o‘ynadi. Genrix olti yoshga to‘lganda oilasi bilan Armanistonga qaytishadi. Shifokorlar Gamletning boshida o‘simta borligini aytib, unga futbol o‘ynashni taqiqlab qo‘yishgandi. Shu sababdan, Genrixning otasi endi futbol o‘ynamas, hamisha uyda o‘tirardi. Yosh Genrix qancha urinmasin otasi nima uchun futbolni tashlaganini tushunmadi. Oradan bir yil o‘tib Gamlet Mxitaryan olamdan o‘tdi…
– Nima bo‘lgani, otamning nega g‘oyib bo‘lganiga aqlim yetmasdi, – deydi Genrix. – Hamisha onam va opamdan otamning qaerga ketganini so‘rayverardim. Hech kim menga nima bo‘lganini tushuntirmasdi. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach onam: «Genrix, otang endi hech qachon qaytib kelmaydi» dedi.
Yetti yoshli bolakay uchun, otasining o‘yinlari yozilgan video tasvirlarni ko‘rishdan boshqa chora qolmagandi. Genrix uchun otasi ana shu tasmalarda yashardi. Uni har kuni ko‘rish, o‘yinlarini tomosha qilish bolakayga olam-olam quvonch hadya etar, o‘zini otasi bilan birga, yonma-yon turgandek his qilardi. Ayniqsa, gollarini jamoadoshlari quchog‘ida nishonlayotgan Gamletni ko‘rganda sevinchi ichiga sig‘masdi.
Genrix 10 yoshga to‘lganda futbol uning hayoti mazmuniga aylandi. «Pyunik» futbol akademiyasida astoydil ter to‘kib mehnat qilardi.
Onasining bir o‘zi ro‘zg‘or tebratishga qiynalayotganini ko‘rgan Mxitaryan futbolni tashlash haqida o‘ylay boshladi. Ammo, onasi unga, kurashdan chekinmaslikni, mashaqqatlar ortidan shubhasiz rag‘bat ham kelishini ta’kidlaydi. Hattoki, o‘yin paytida o‘ziga nisbatan qo‘pollik ishlatgan bolalarga shu tahlitda javob qaytargan o‘g‘liga tanbeh ham berardi.
– Onam va opam Xudo yuborgan farishtalardir. Chunki, ular eng qiyin vaqtlarda ham hamisha meni qo‘llab-quvvatlashdi. Otamning o‘rnini bildirmaslikka harakat qilishdi. Ularning ko‘magi bilan shu darajaga yetdim, – deydi Genrix.
13 yoshida Mikkiga omad kulib boqadi. U Braziliyaga, «San-Paulu» tarkibida mashg‘ulot o‘tash uchun yuboriladi. Uyatchan va tortinchoq, buning ustiga portugal tilini umuman bilmaydigan bolakayni bu aslo cho‘chitmadi. Aksincha, futbolchilik yo‘lidaga eng muhim qadamini dadillik bilan tashladi. Kakaning ashaddiy muxlisi bo‘lgan Genrix, futbol ravnaq topgan yurtga katta quvonch va hayajon bilan yo‘l oladi. Faylasuf adib Paolo Koelo «Alkimyogar» asarida shunday deydi: «Dunyoni tushunish uchun olam tilini bilish kifoya. Agar sen olam tilini bilsang, shamolni ham, suvni ham, qushlar chug‘uriyu daraxtlar shovullashini ham anglaysan». Xuddi shunday, o‘sha vaqtda Braziliyaga borgan turli millat bolalari ham barcha uchun umumiy – «futbol tili»da suhbatlasha boshladilar. Bir oydan so‘ng esa Genrix portugal tilida bemalol so‘zlashadigan bo‘ldi.
Braziliyadagi o‘yin uslub, u yerning futbol madaniyati Mikkida katta taassurot qoldirdi. Jismoniy mashqlardan ko‘ra, ko‘proq to‘p bilan muomala qilish uning texnikasini yanada yuksaltirdi. Oskar, Lukas Moura, Ernanes va Denilson singari bo‘lajak futbol yulduzlari bilan birga mashg‘ulotlarda ishtirok etgan arman yigiti hech bir jihati bilan ulardan kam emasdi. Armanistonga qaytgan Mxitaryan hali hamon ozg‘in va nozik futbolchi edi. Ammo uning maydonni ko‘rishi, driblingi va to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyati boshqalardan keskin farqlanardi. Shu sababdan maydonda juda erkin harakatlanar, murabbiylar ham uni arman Ronaldinosi deya e’tirof etishardi.
20 yoshida Doneskning «Metallurg» jamoasiga o‘tgan yigitcha u yerda ham ajoyib o‘yinlari bilan barchaning mehrini qozondi. Biroq, rus va ukrain tillarini o‘rgangunicha yana futbol tiliga murojaat qildi. Ayniqsa, «Shaxtyor»ga o‘tayotganda ko‘pchilik unga qiyin bo‘lishini bashorat qila boshladi.
– «Shaxtyor» safiga o‘tishimdan oldin jamoadoshlarim menga u yerda 12 nafar braziliyalik futbolchi to‘p surishini, ularning tilini tushunmasdan muvaffaqiyatga erishishim imkonsizligini aytishdi, – deb xotirlaydi Genrix. – Men esa bu so‘zlarga nisbatan miyig‘ida kulib qo‘ydim. Miyamda esa, «axir men braziliyalik armaniman-ku» degan fikr charx urardi.
«Shaxtyor»dagi uch yillik faoliyat Mxitaryan uchun grand klublarga tramplin vazifasini o‘tadi. 2013 yili gollar soni bo‘yicha UPL rekordini o‘rnatgan yigit, futbol olamida yangi yulduz yetishib chiqqanini baralla e’lon qildi.
Shundan so‘ng Mikkining hayotida yangi davr boshlandi. Yevropaning bir qator grand jamoalari, xususan, «PSJ», «Liverpul», «Manchester Siti», «Chelsi», «Tottenhem» hamda Dortmundning «Borussiya» klublari Genrix uchun jiddiy kurash olib bordilar. «Liverpul» muxlislari hattoki uning familiyasi talaffuzini o‘rgana boshladilar. Biroq, «Borussiya» raqobatchilarini dog‘da qoldirdi va Mxitaryanni «Shaxtyor» tarixidagi eng qimmat transferga aylantirdi. Uning uchun «konchilar» hisobiga 27,5 million yevro o‘tkazib berildi.
Germaniyadagi birinchi mavsum ijobiy o‘tganiga qaramasdan, ikkinchi mavsumda futbolchi o‘z o‘yinini topa olmadi. Shunday vaqtlarda Genrix Dortmunddagi uyida yolg‘iz o‘tirgancha xatolarini sarhisob qilar, mashg‘ulotlarda aynan o‘sha kamchiliklari ustida ishlardi. Ammo, baribir vaziyat o‘nglanmasdi. Yurgen Klopp jamoa boshqaruvini Tomas Tuxelga topshirgandan so‘ng butun Dortmund yangi murabbiydan nimalar kutish mumkinligi haqida bosh qotirardi. Biroq, aynan Tuxel Mikkining muammolariga barham berdi.
– Tomas Tuxel bilan birinchi uchrashuvimizdayoq murabbiy menga butkul ishonishini va butun imkoniyatlarim bilan o‘yinga yondashishim lozimligini aytdi, – deydi Mxitaryan. – «Mikki, sen hali buyuk o‘yinchi bo‘lasan» dedi murabbiy. Bu so‘zlar o‘sha vaqtdagi holatim o‘nglanishida muhim ahamiyat kasb etdi.
Braziliyaliklardan o‘rgangan «Tushkun kayfiyatda omadga erisha olmaysan» falsafasi unga yana bir karra as qotdi. O‘sha mavsumda «Borussiya» hissyotga boy superhujumkor o‘yin namoyish qildi. Yana o‘z holiga qaytgan klub o‘z maqsadi sari dadil odimlardi. Klub muvaffaqiyatlarida esa Mikkining o‘rni katta bo‘ldi. Mavsum yakunlariga ko‘ra bundesliganing eng yaxshi futbolchisi nomiga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, eng ko‘p golli uzatma bergan futbolchilar ro‘yxatida ham birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
– Menga hamisha ijodkor o‘yinchilar yoqardi, – deydi Mikki. – Men Zidan, Kaka va otam Gamlet singari o‘ynashga harakat qilardim.
O‘tgan yilning yozida Genrix Mxitaryan bilan «Manchester Yunayted» jamoasi ham qiziqib qoladi. Bosh murabbiy Joze Mourinoning o‘zi Mxitaryanni sotib olishni klub rahbariyatidan iltimos qiladi.
«Manchester Yunayted» bilan shartnoma imzolaganimdan so‘nggina, rostdan ham shu klub tarkibiga qo‘shilganimga ishondim. O‘sha lahzalarni hech qachon yodimdan chiqarmasam kerak. Birinchi marta «Yunayted» libosini kiyish, birinchi marotaba «Old Trafford» chimiga oyoq qo‘yish… Bularning bari ajoyib tushga o‘xshaydi. «Old Trafford»ni bekorga «Orzular teatri» deb nomlashmaydi. Aynan shu stadionda, men, boy tarixga ega klubda o‘ynash haqidagi orzuimga erishdim. «Old Tarfford» chimi shunchaki o‘t emas balki darajangni belgilab beruvchi me’zondir. Agar otam muvaffaqiyatlarimni ko‘rganida shubhasiz, u men bilan faxrlangan bo‘lardi. Men hamisha otamga o‘xshashga harakat qilaman, shunga ntilaman. Aminmanki, u yonimda bo‘lmasa ham shu yergacha kelishimga juda katta yordam berdi.
Qiziqarlisi, o‘zim ishtirok etgan o‘yinlarni hech qachon TV orqali kuzatmayman. Chunki ekranda o‘zimni ko‘rganimda, xatolarim ko‘zga tashlanaveradi. Mening o‘yin uslubim otamnikidan tubdan farq qiladi. U tezlik va kuchli zarba sohibi edi. Men esa ko‘proq texnik futbolni yaxshi ko‘raman. Ammo, Armanistonda otamni tanigan ko‘pchilik, maydon bo‘ylab harakatlanayotganimda xuddi otamga o‘xshab yugurayotganimni ta’kidlashadi. Ular menga, «Genrix, sen xuddi otangga o‘xshaysan, unga o‘xshab yugurasan, senga qaraganimizda uni ko‘rgandek bo‘lamiz» deydilar. Men esa bunga unchalik ahamiyat bermayman. Chunki, bolaligimdagi maqsadim otam bilan yonma-yon yugurish, unga o‘xshab harakatlanish edi. Ayniqsa, uning o‘yinlari yozilgan videolarni ko‘rganimda, gollarini ko‘rganimda uni quchoqlagim, «Qarang, dada, men «Old Trafford»daman. Mendan faxrlansangiz bo‘ladi. Sizning orzularingiz izidan bormoqdaman va men sizni juda ham yaxshi ko‘raman» degim keladi
Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.