Mualliflik bloglari

HIMMATNI MATADAN O‘RGANING!

Blog InterFutbol.uz

«Manchester Yunayted» yarim himoyachisi Xuan Mata Rojdestvo bayrami munosabati bilan kam ta’minlangan oilalar farzandlariga sovg‘a ulashdi. Bolajonlar turli o‘yinchoqlar, «MYu» atributikalariga ega bo‘lishdi. Mata esa millionlar o‘yini olamida har doim ham pul muhim o‘rin tutmasligini isbotladi. Xuan faoliyati davomida hamisha muhtojlarga yordam bergan, shu bois uni nafaqat ajoyib o‘yini, balki maydondan tashqaridagi ishlari uchun ham hurmat qilishadi. Bombardir.ru jahonda ispaniyalik futbolchidan himmatliroq inson yo‘q, deb hisoblab, bu fikrni turli dalillar bilan izohladi.

Yosh ishqiboz

Yaqinda butun dunyo bo‘ylab xabar tarqaldi: Xuan Mata klub avtobusiga shoshilish o‘rniga yosh ishqibozning oldiga kelib, unga dastxat qoldirdi, birgalikda suratga tushdi, xullas, nogiron yigitchani xursand qildi. Shundan so‘nggina avtobus tomon yugurdi. Yosh muxlisning ko‘zidagi quvonch alomatlari futbolda pul, soliqlar va yirik bazmlar eng asosiysi emasligini yana bir karra isbotladi.

O‘zgacha fanat bilan surat

Xuan Mata hamisha «MYu»ning yosh muxlislarini quvontirishga ko‘nikkan. «Norvich»ga qarshi kechgan o‘yindan so‘ng bolakayning oldiga kelib, uni quchoqladi. Hoynahoy, jajji muxlis bu onlarni uzoq vaqtdan buyon orzu qiladi. Shuningdek, ispaniyalik yarim himoyachi uning otasi bilan suhbatlashdi. Butun o‘tgan vaqt davomida Xuanning yuzidan tabassum arimadi. Tan olaylik, aksariyat futbolchilar ishqibozlar qarshisida jiddiylikka urg‘u qaratishadi. Faqat Mata ulardan farqlanadi.

Sobiq klubi yodida

Ishqibozlarning Mata uchun naqadar muhimligi tushunarli. Aynan ular uchun futbolchi «Manchester Yunayted» rasmiy saytida maxsus blogni ishga tushirgan. Ushbu sahifa orqali har bir o‘yindan keyingi taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, muxlislarga qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun rahmat aytadi. Shuningdek, Xuan sobiq klubida ro‘y berayotgan voqealarga ham befarq emasligini bildiradi. Masalan, «Valensiya»dagi o‘zgarishlar haqida shunday yozgandi: «Bu jamoada murabbiy almashdi. Aslida, Pako Ayestaranni bo‘shatishganidan afsuslandim. U o‘z ishining ustasi. Mutaxassisning keyingi ishlariga omad tilayman. «Valensiya»dagi vaziyat ijobiy tus olayotganidan xursandman, jamoa qatorasiga ikkinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi...»

Xayrlashuv maktubi

Mata «MYu»ga o‘tgani uchun «Chelsi» muxlislari g‘azabiga duchor bo‘lishi mumkin edi, ammo londonlik ishqibozlar undan ranjishmadi. Chunki ispaniyalik futbolchi ularga vaziyatni tushuntirdi. Xuan «aristokratlar» safini tark etishi aniq bo‘lgach, fanatlarga ochiq xat yo‘lladi. Unda jumladan shunday so‘zlar yozilgandi: «Sizlar «Chelsi»ni qo‘llab-quvvatlashga munosibsizlar. Ikki marta yil futbolchisi bo‘lganimda, menga ishonch bildirganingizni aslo unutmayman. Bu bilan faxrlanaman va hamisha yodimda tutaman. Menga bildirgan munosabatingiz uchun minnatdorman. Bu ajo­yib edi».

Bayramga she’r

Ha, u she’rlar ham yozadi. Tez orada o‘z to‘plamini chop ettirmoqchi. Shu kabi ijodkor futbolchilardan yana birortasini taniysizmi? Ipaniyalik yarim himoyachining bu xususiyati to‘satdan paydo bo‘lmagan - «Valensiya»da to‘p surayotgan kezlari ham Mata jamoaning turli ziyofat kechalarida she’rlar o‘qirdi. Yaqinda Ispaniya telekanallaridan biriga Charlz Bukovskining «Ko‘k qush» nomli ijod namunasini o‘qib bergandi.

Futboldagi biznesga munosabat

Mata futboldagi pullar haqida gapirib, jamoatchilikni hayratga sol­gani esingizdami? Buni yodda tutish lozim:

«Manchester Yunayted» ishtirokidagi o‘yinlar chiptasi 40 funt turadi. Bu arzon emas. Odamlar zamonaviy futbolga qarshi ekanliklarini aytishsa, ularni to‘g‘ri tushunaman. Millionlar o‘yinidagi biznes klub xo‘jayinlari muxlislardan muhimroq ekaniga ishoradek. Avvallari bunday emasdi: matbuotchilar tazyiqi bo‘lmagan, hech kim ulush undirishga urinmagan...

...Futbolning biznesga aylanayotgani yoqmayapti. Bu o‘yinni yaxshi ko‘raman. Shug‘ullanib, musobaqalashishni yoqtiraman. Biznes futbolga ta’sir o‘tkazmasligi uchun maoshimning qisqartirilishiga ham roziman...

...Futbolchilarning oddiy aholidan farqli ravishda bunday ko‘p pul olishlari noto‘g‘ri».

Asosiysi - fanatlar

Mata o‘yindan keyingi intervyularda nima deydi? Uning ta’kidlaridan ko‘p narsani tushunib olish mumkin: «Ishqibozlarimiz uchun xursandman, chunki ular eng yorqin g‘alabalarga arziydilar», «Biz hammasini muxlislar uchun qilamiz. Qiyin mavsumni o‘tkazdik, lekin ular baxtiyor bo‘lishga haqlilar», «Qarsaklar uchun «Chelsi» fanatlariga minnatdorchilik bildirmoqchiman», «Ishqibozlarga o‘zlari munosib bo‘lgan narsani berolmayotganimizdan afsusdaman», «Ajoyib muxlislarimizdan uzr so‘raymiz. Ular uchun faqat kuchli o‘ynashimiz shart»...

Bolalar va shifoxonalar

«Manchester Yunayted» futbolchilari tez-tez bolalar shifoxonalari va onkologik markazlarni ziyorat etishadi. Odatda, bolalar bilan tushilgan suratda eng ko‘p namoyon bo‘luvchi futbolchi kim ekanligini toping-chi?

Xayriyadan huzur oladi

O‘tgan hafta Mata Wood Street Mission jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan xayriya tadbirida ishtirok etdi. «MYu» futbolchisi muhtoj oilalarning bolalariga 500ta o‘yinchoq tarqatdi. Shuningdek, Dins­geyt ko‘chasida joylashgan markazga tashrib buyurib, kichkintoylarga «Manchester Yunayted» sharflarini shaxsan o‘zi topshirdi.

0.00%
Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.