Bechora Joze Mourino. Uning ishlari yoppasiga orqaga ketyapti. Qarang, yozgi tranfserlar bozori payti portugaliyalik mutaxassisning talabi bilan yetarlicha mablag‘ sarflagan «Manchester Yunayted» na Angliya premer-ligasi va na Yevropa Ligasida katta xarajatga munosib ishtirok etyapti. «Qizil iblislar» avvalgi haftaning payshanba oqshomi YeL guruh raundi 4-turi doirasida «Fenerbaxche» maydonida mag‘lubiyatga uchrashdi va «Benazir»ning yana jurnalistlarning «achchiq-achchiq» savollariga javob izlashiga to‘g‘ri keldi.
Shogirdlaringiz ijrosidagi o‘yinni qanday izohlaysiz?
Tan olishim joiz, raqibimiz haqli ravishda g‘alaba qozondi. Gap faqat maydonda kechgan kurash haqida emas, balki maqsad sari intilishda ham. Xullas, «Yunayted» bugun o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani bajarolmadi, shogirdlarim voqealarning bunday tus olishiga tayyor emasdilar. Butunlay e’tiborsizlik, qandaydir ishlanmalar alomati ham sezilmadi...
Xo‘sh, 3 ochko ololmaslikning asosiy sababi nima?
«Fenerbaxche» futbolcha ayyorlikdan foydalandi. Raqibimiz muayyan vaziyatlarda himoyadan o‘ynashga urindi. Bunda turk jamoasi futbolchilari o‘zlarini jarohatlandek ko‘rsatib, vaqtdan yutishdi. Tribunalar esa tabiiyki, referiga bosim o‘tkazdi. Yo‘q, bu mag‘lubiyatimiz uchun bahona emas, shunchaki, raqib tanlagan taktika. O‘yinning shunday holatga kelishiga avvalo, o‘zimiz aybdormiz. Ha, «Yunayted» bitta gol urib, xarakter uchqunini ko‘rsatdi, ammo yana bir bora tan olishim kerak, biz g‘alabaga haqli emasdik.
Jamoangizning ayni paytdagi asosiy muammosi...
... Muammomiz boshi motivatsiya, ya’ni ishtiyoqqa borib taqaladi. Hozir Chempionlar Ligasida o‘ynayotganimiz yo‘q, buni anglash va reallikka tezroq qaytish zarur.
Ushbu o‘yinda Kris Smolling va Erik Bayining ishtirok etishmagani ham bilindimi?
Shaxsiy fikrimcha, jamoamda gol urish uchun vaziyatlar yuzaga keldi. Albatta, orqa chiziqda faqat qanot himoyachilari harakat qilishsa, munosib muhofaza qo‘rg‘onini yaratish oson emas. Boshqacha aytganda, aksariyat futbolchilaringiz safda bo‘lmagan payt maydonning bu hududida hukmronlik qilish ilojsizdir. «Yunayted» umumiy holatga qarab o‘ynaydi. Hozirda ruhiy tomondan qiynalyapmiz, shuningdek, jismoniy jihatlarni ham hisobga olish kerak.
«MYu» bosh murabbiyi sifatidagi dastlabki 16ta o‘yindan so‘ng...
Joze Mourino: 8ta g‘alaba, 3ta durang, 5ta mag‘lubiyat
Lui van Gal: 8ta g‘alaba, 4ta durang, 4ta mag‘lubiyat
Devid Moyes: 9ta g‘alaba, 4ta durang, 3ta mag‘lubiyat
Fakt. «MYu» shu bilan mehmonda o‘tkazilgan yevrokuboklar o‘yinlarida ketma-ket 5-marta mag‘lublikni tan oldi.
«MOURINO YO‘QOL»
Ha, umumiy vaziyat portugaliyalik uchun tobora yomonlashyapti. Misol uchun, bundan bir yil oldin uning boshqaruvida o‘ynagan «Chelsi» turnir jadvali quyi qismida yurgan bo‘lsa, hozir bu jamoa yana chempionlikni ko‘zlayapti, Eden Azar va Diego Kosta gol urish qandayligini qayta eslashdi. «Manchester Yunayted» esa... Tabiiiyki, salbiy natijalar muxlislar e’tirozini kuchaytirmoqda. Misol uchun, yaqinda «Tvitter» tarmog‘i foydalanuvchilardan biri murabbiyga murojaat etib, zudlik bilan iste’foga chiqishini talab qildi. U hattoki, maxsus samolyotni ijaraga olmoqchi va dum qismiga «Mourino yo‘qol» yozuvli banner osib, o‘yinlardan birida «Old Trafford» osmonidan uchib o‘tishini ta’minlamoqchi. Biroq bunga hali biroz erta emasmi? Deylik, Devid Moyes o‘ziga qaratilgan yoqimsiz bannerni 2014 yilning mart oyida ko‘rgandi. Ha, ishlar shu tariqa davom etsa, portugaliyalik bu masalada shotlandiyalik hamkasbidan uzib ketishi muqarrar.
Murabbiy Mourinoning asosiy muammolari
Yangi g‘oya va imzoning yo‘qligi. «Manchester Yunayted» o‘yin masalasida o‘z «yuzi»ga ega emas «avtobus» usuli esa unga to‘g‘ri kelmaydi, hattoki, David de Xea oldiga qo‘yilsa ham.
Kommunikatsion aloqalar yo‘qligi. Mou ayrimlar bilan sira chiqisholmayapti. Futbolchilar xususan, mashg‘ulotlarni uning o‘zi olib bormasligidan nolishyapti.
Smolling va Bayining jarohati. Murabbiy himoya markazida asli chap qanot vakillari Blind va Roxo (ikkisi ham novcha emas)ga tayanishdan o‘zga chora topolmayapti....
Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.