Mualliflik bloglari

REKORDNI YANGILASH

Blog InterFutbol

Yozgi transferlar bozorida APLda ishtirok etadigan 20ta klubdan naq 13tasi xaridlar bobida shaxsiy rekordini yangiladiki, bu misli ko‘rilmagan televizion shartnoma mahsulidir. E’tibor qarating, jahonning eng jozibali ligasi vakillari jami 1,165 milliard funt sterling sarflashdi. Futbol tarixida bunday ko‘lamdagi xarajat hali kuzatilgan emasdi. Atigi 7ta jamoa avvalgi shaxsiy transfer rekordini yangilamadi, xolos. Bular - «Chelsi», «Manchester Siti», «Arsenal», «Liverpul», «Everton», «Stok Siti» va «Midlsbro». Qolgan ishtirokchilar esa o‘z tarixlaridagi eng yirik xaridga qo‘l urishdi. Xo‘sh, ular kimga ega bo‘lish yo‘lida byudjetdan katta mablag‘ ajratishdi?

«BERNLI» - Jeff XENDRIK

10,5 mln. funt («Derbi Kaunti»dan)

2 yil avval APLga chiqqan «Bernli» transferlar uchun juda kam pul ajratgan va mavsum yakunida quyi divizionga qaytgandi. Klub bu safar ham transferlar bozorining oxirgi kunlariga qadar kamtarlikni saqlab turdi, biroq yakunda chidamadi, chog‘i, baribir. Avvaliga belgiyalik Stiven Defur uchun chamasi 7 million sarflandi va jamoa rekordi yangilandi. Bernliliklar bu bilan cheklanib qolmay, xaridlarning oxirgi kuni yana «cho‘ntak» kavlashdi va irlandiyalik 24 yoshli yarim himoyachi Jeff Xendrikni 10,5 millionga sotib olishdi. Xullas, kamtarin jamoa yozda transferlar bobidagi rekordini 2 marta yangiladi. Aytish joiz, ayni payt «Bernli» turnir jadvalining 14-qatorida bormoqda. Demak, katta xarajat zoe ketmayapti.

«XALL SITI» - Rayan MEYSON

12,5 mln. funt («Tottenxem»dan)

Yozda jamoa qandaydir «depressiya» holatiga tushdi - xo‘jayini o‘zgardi, bosh murabbiyi ketib qoldi va bir qator futbolchilari jarohat sabab, safdan chiqishgandi. Lekin yangi mavsum «Xall» uchun kutilmaganda, juda yaxshi boshlandi: dastlabki 3ta turda 2ta g‘alaba. Chunonchi, tarkib ham sezilarli darajada kuchaytirildi. 25 yoshli markaziy yarim himoyachi Rayan Meyson 1,5 yil muqaddam Angliya terma jamoasida debyut qilgandi. Biroq keyinchalik «Tottenxem» zaxirasida o‘tirib qoldi. «Xall» esa shu o‘yinchiga ega bo‘lish uchun o‘z darajasida rekord xarajatga qo‘l urdi.

«UOTFORD» - Roberto PEREYRA

13 mln. funt («Yuventus»dan)

«A» seriyasida ketma-ket 2 marta chempionlik nashidasini surgan argentinalik hujumkor yarim himoyachi APL­ga ko‘chib o‘tdi va birinchi o‘yinidayoq «Arsenal» darvozasiga gol urdi. Umuman olganda, «Uotford» Valter Maszarri boshqaruvida transferlar bozorida ancha dadil ish olib bordi va endi ligada qolish uchungina kurashmasa kerak. Hozirda 11-o‘rinni egallab turgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

«VEST BROMVICh» - Nosir ShODLI

13 mln. funt («Tottenxem»dan)

«Vest Brom»ning yozgi transferlar mavsumida amalga oshirgan xaridlari klubda hech kimni qoniqtirmadi, chog‘i. Lekin jamoa so‘nggi pallada rekord o‘rnatishga ulgurdi. Belgiyalik hujumkor yarim himoyachi Nosir Shodli «Tottenxem»da vaqti-vaqti bilan o‘zini ko‘rsatib turgandi. Biroq oxirgi paytlarda hattoki, maydonga kam tushadigan bo‘lib qoldi. «Bromvich» aynan shu holatdan foydalanib, 13 «limon» evaziga uni o‘z safiga qo‘shib oldi.

«SANDERLEND» - Dide NDONG

13,6 mln. funt («Loryan»dan)

Devid Moyes «Sanderlend»ning bechorahol tarkibini epaqaga keltirish uchun ancha yelib-yugurdi. Ayniqsa, yozning oxirgi kunlari harakatlar ancha kuchaytirildi. Buning natijasida gabonlik tayanch yarim himoyachi Angliya shimolida paydo bo‘ldi. Aytish joiz, hozirda Dide Ndongni ko‘proq Maykl Essenga o‘xshatishyapti.

«BORNMUT» - Jordan AYB

15 mln. funt («Liverpul»dan)

Kamtarin klublar sirasiga kirivchi «Bornmut» ishonchli transferlar kampaniyasi orqali barchani hayratga soldi. Deylik, «Arsenal»dan Jek Uilsherni ijara kelishuvi bo‘yicha olganining o‘zi salmoqli tosh bosadi. Shuningdek, Jordan Ayb transferi bilan jamoa rekordi yangilandi. Angliyalik 20 yoshli vinger yaqin-yaqingacha «Liverpul» kelajagi sifatida e’tirof etilayotgandi. Biroq Yurgen Klopp boshqacha fikrda, shekilli, Aybni qo‘yib yubordi.

«SUONSI» - Borxa BASTON

15,5 mln. funt («Atletiko»dan)

Ispaniyalik novcha hujumchi 5 yil davomida «Atletiko» ixtiyorida yurdi, ammo ijara safarlaridan sira bo‘shagani yo‘q. Mana, endi u Uels jamoasi tarixidagi eng qimmatbaho futbolchiga aylandi. Aslida «Suonsi» yozgi transferlar mavsumida uncha yaxshi ishlamadi. Lekin fakt shuki, klub  rekord ko‘rsatkichni qayd etdi.

«SAUTGEMPTON» - Sofian BUFAL

16 mln. funt («Lill»dan)

«Sautgempton» oxirgi yillarda shunchalik ko‘p futbolchi sotdiki, qandaydir yangi TV-shartnomasiz ham o‘zining ancha kamtarin transfer rekordini «qulatishi» mumkin edi. Fransiyaliklar bilan yaxshi aloqalar va yangi bosh murabbiy Klod Pyuel tajribasi o‘laroq, marokashlik 22 yoshli hujumkor yarim himoyachi Angliya janubiga yo‘l oldi. Uning o‘tgan mavsum Liga 1da  «Lill» uchun 11ta gol urganini eslatish o‘rinli.

«VEST XEM» - Andre AYYu

20,5 mln. funt («Suonsi»dan)

«Suonsi» o‘tgan yili Ayyuni tekinga olib, ajoyib biznesga asos solgandi. Mana, uelsliklar atigi 1 yil o‘tib, bu futbolchini hattoki, Angliya ligasi uchun ham katta sanaladigan summada pullashdi. Afsuski, «Vest Xem» tarixidagi eng qimmatbaho futbolchi ilk o‘yinlaridan birida jarohatlandi. Shunday ekan, «bolg‘achilar» rekord transferdan, ya’ni ganalik yigitdan hali naf ko‘rishgani yo‘q.

«KRISTAL PELAS» - Kristian BENTEKE

27 mln. funt («Liverpul»dan)

Bir qarashda, bu kelishuv hammani xursand qildi: «Pelas» yaxshigina ijrochiga ega bo‘ldi, «Liverpul» ortiqcha maosh xarajatidan qutuldi, Bentekening o‘zi esa nihoyat, muntazam o‘ynash imkoniyatini hosil qildi. Bosh­qacha aytsak, londonliklar jamoani ancha qiynagan markaziy hujumchi muammosini hal etishdi, liverpulliklar Kloppga kerak bo‘lmagan futbolchini deyarli xarid qilingan summada sotishdi, Benteke shu bilan zaxirada navbat kutish azobini unutdi. To‘g‘ri, belgiyalik futbolchi hammasini «zo‘r» boshladi - «Kristal Pelas» va «Bernli»ni adashtirib yubordi.

«LESTER» - Islom SLIMANI

29 mln. funt («Sporting»dan)

Yangi maqom - chempion nomi «Lester»ning yozda ancha ko‘p xarajat qilishini taqozo etdi va klub xuddi shunday yo‘l tutdi. Ayyor Klaudio Raneri jazoirlik Riyod Mahrezni tarkibda olib qolib, uning yoniga bu mamlakatning yana bir vakilini qo‘shib qo‘ydi. Slimani hozir 28 yoshda va bungacha top-chempionatlarda o‘ynagan emasdi. Bir qarashda, «tulkilar» uning uchun deyarli 30 «limon» berib, tavakkalga qo‘l urishgandek, ammo rekord transfer hozirdanoq o‘z samarasini beryapti. Harqalay, Slimani jamoa o‘yiniga muammosiz kirishib ketdi va gollar urishga ham ulgurdi.

«TOTTENXEM» - Mussa SISSOKO

30 mln. funt («Nyukasl»dan)

Mussa Sissokoning ikki qiyofasi bor: birinchisi - yaqinda Fransiya terma jamoasi bilan Yevropa chempioni bo‘lishga yaqin kelgan jonkuyar futbolchi, ikkinchisi - o‘tgan mavsum «Nyukasl» safida chempionshipga qulashni boshdan kechirgan omadsiz. «Tottenxem» tabiiyki, 30 «limon»ni uning birinchi qiyofasi uchun berdi. «Taqachilar»ning chempionatdagi ishlari joyida, demak, hozirda Sissokoni asl narxidan qimmatroq baholashgani xususida gapirish o‘rinsiz.

«MANChESTER YuNAYTED» - Pol POGBA

89 mln. funt («Yuventus»dan)

Nafaqat «MYu», balki butun futbol tarixidagi rekord kelishuv. Barchasi haqida ko‘p va xo‘p gapirildi va ularni takrorlash shart emas. Lekin fransiyalik yigitning hozircha jahon rekordchisiga mos darajada harakatlanmayotgani ham ayni haqiqat.

0 0 0
1297
Бошқа блогпостлар
Mulohozalar
    Mulohoza qoldirish uchun ro‘yxatdan o‘ting