Mualliflik bloglari

SER ALEKS FERGYUSON: 1 BOB / 2 QISM

Blog MANUTD

O’n etti yoshingda kuchga to’la bo’lasan va oqimga qarshi suza olasan, biroq yosh o’tgan sari buning iloji bo’lmay qoladi. Shu sababli ketganimdan so’ng bo’sh qolmaslik maqsadida Amerikadagi loyihalar ustida ishlay boshladim. Faoliyatimni tugatganimdan so’ng ham ishsiz yurishimga shotlandcha g’ururim yo’l qo’ymasdi.

Ketayotganimni klubning ishchi guruhiga aytish eng qiyin ishlardan biri bo’ldi. Ularga hayotimda o’zgarishlar yuz berayotganini va Ketining opasi vafot etgani haqida gapirganimda ularning menga qaratilgan g’amli nigohi har doim yodimda saqlanib qoladi. Bu holat mening ichki ruhiyatimga qattiq ta’sir qildi.

Ketishim haqidagi xabarlar, bu haqda rasman e’lon qilinishidan bir kun oldin haqiqiy shou-shuvga aylanib ketdi. Bu haqda hali akam Martinga ham gapirmagandim. Bunday qarorga kelish juda qiyin bo’ldi, chunki o’sha paytda Nyu-York fond birjasida «Yunayted»ning aktsiyalari tezda tushib ketish xavfi bor edi. Ushbu ma’lumotning klub hududidan qisman chiqib ketishi esa men suyangan insonlar oldida obro’yimning yo’qolishiga sabab bo’lardi.

8 may chorshanba kuni tongda butun murabbiylar shtabi video analizlari xonasida, klub ishchilari – oshxonada, o’yinchilar esa echinish xonasida yig’ilishdi. Men u erga yo’l olganimda, rasmiy saytimizda allaqachon bu haqda qisqacha xabar berilgandi. Hech kimda uyali aloqa vositalari yo’q edi. Ketishim haqidagi ma’lumotni mashg’ulotlar majmuasida barchaga e’lon qilishdan oldin, ularning o’zlari bu haqda xabarlardan bilib olishlarini istamasdim. Ammo shuncha mish-mishlardan so’ng ulardan ketishim haqidagi xabarni yashirib turishdan hech qanday ma’no qolmagandi.

Men o’yinchilarga shunday dedim:

-Hech birlaringiz qarorimdan xafa bo’lmaysiz degan umiddaman, chunki ko’pchiligingiz qolishimni istayapti.

Bunday deyishimdan maqsad o’z vaqtida Robin van Persi va Sindzi Kagavaga, klubni hali beri tark etish niyatim yo’qligini aytgan edim. O’sha vaqtda aytgan gapim ayni haqiqat bo’lgan bo’lsa-da, lekin nachora ketish vaqtim etib kelgandi.

-Hamma narsa o’zgaradi. Rafiqamning opasini vafoti eng ayanchli davrlardan biri bo’ldi. Shuningdek, men g’olib sifatida faoliyatimni tugatmoqchiydim. Va men g’olib sifatida faoliyatimni tugatyapman ham, - deya gapimda davom etdim.

O’yinchilarning ko’plari bundan juda hayratlanishdi.

-Bugungi ot poygasiga borib yaxshilab hordiq chiqaringlar. Payshanba kuni ko’rishamiz.

Bundan oldin ham o’yinchilarga Chesterga borib dam olib kelishlari uchun chorshanba kuni ruxsat berardim. Har bir muxlis bu haqda xabardor edi. Bu men tuzgan strategiyaning bir qismi bo’lib, muxlislarning o’yinchilarni, murabbiyni hurmat qilmagan holda, uning ketar chog’ida dam olib yuribdilar degan xayolga bormasliklari uchun Chesterga borishni bir hafta oldin rejalashtirgandim.

Shundan so’ng murabbiylar shtabi xonasiga chiqdim va ularga o’z qarorimni e’lon qildim. Hamma qarsak chaldi.

-Sizdan qutulayotganimizdan xursandmiz, - deya hazillashib gapirdi ba’zilar.

Jamoa o’yinchilari, murabbiylarga qaraganda ko’proq tashvishlanayotganini sezdim. Ular shosha-pisha turli xil savollar bera boshlashdi: «Yangi menejer, eskisiga o’xshaydimi? Keyingi mavsumda men ular bilan bo’lamanmi?». Balki mening yordamchilarim: «Bu bilan, mening ham faoliyatim tugadi deb» o’ylashayotgandir. Ularga ketishim sabablari haqida tushuntirishning emas, balki kelajakdagi maqsadlarim xususida ma’lumot berish vaqti kelgandi.

Men to’g’ri uyga ketishga qaror qildim, chunki mening bayonotim OAVda portlagan bomba kabi ko’rinish olardi. Shu bilan birgalikda ma’lumot olishga oshiqayotgan muxbirlar orasidan o’tmaslik uchun Kerringtonni tark etmaslikni xohladim.

Men o’z uyimda qamalib oldim. Advokatim Jeyson va Lin, o’z faoliyatimni tugatmoqchi ekanligimni e’lon qilganimdan boshlab, menga xabarlar yubora boshlashdi. 15 daqiqa mobaynida mening kotibim tomonidan uzluksiz SMS keldi. «Nyu-York Tayms» bilan qo’shib hisoblaganda, 38ta gazeta bu xabarni o’zlarining birinchi sahifasida joylashtirishdi. Buyuk Britaniya matbuotida asosiy nashrga qo’shimcha sifatida 10-12 varaqli ilovalar chiqdi.

Ketishim haqidagi xabarlar juda ta’sirchan edi. Avvallari bosma nashriyotlar bilan nizolar bo’lib turardi, lekin men ulardan hech qachon xafa bo’lmaganman. Muxbirlar doim bosim ostida bo’lishlarini bilaman: ular internet, Feysbuk, Tvitter va boshqa manbalardan tezroq bo’lishlari, bundan tashqari ularni doim nazorat qilayotgan bosh muharrirlari borligidan xabardoman. Bu judayam qiyin ish.

Shuningdek, xabarlarni ko’plab boshqa media manbalarda ham uchratish mumkin edi. Ular faoliyatimda naqadar buyuk ishlarni amalga oshirganimni hamda matbuot anjumanida ularga berilayotgan axborotning juda muhim ekanligini yaxshi bilishardi. Men hattoki – fen ko’rinishidagi tort va ajoyib qizil vino kabi sovg’ani ham mamnuniyat bilan qabul qildim.

«Suonsi» bilan bo’lib o’tadigan o’yin oldidan maydon dijeyi Sinatraning «Mening yo’lim» va Nata Kingning «Unitilmas» qo’shiqlarini qo’ydi. Ushbu o’yinda 895ta o’tgan o’yinlar singari o’z uslubimizda g’alaba qozondik. Rio Ferdinand o’yin so’nggida g’alaba keltiruvchi golni kiritdi. O’yin yakunida nutq so’zlayman deb o’ylamagandim. Menda tayyor yozilgan nutq yo’q edi. Ammo o’sha paytda rahbariyat, muxlislar va o’yin to’g’risida gapirib, kimnidir alohida ajratib o’tish niyatim yo’q edi. Men shunchaki o’z nutqimni «Manchester Yunayted» futbol klubiga bag’ishlandi.

Men muxlislarni yangi bosh murabbiy Devid Moyesni qo’llab-quvvatlashga chaqirdim.

-Faoliyatim davomida og’ir kunlar ham bo’lganini eslatib o’tmoqchiman. O’sha vaqtda klub menga ko’maklashdi. Qiyin kunlarda yordamchilarim hamda o’yinchilar menga katta madad berishdi. Shuning uchun sizlarning hozirgi vazifangiz yangi menejerni qo’llab-quvvatlashdan iborat. Bu juda muhim.

Devid haqida ma’lumot bermaganimda, odamlar «Fergyuson Moyesni murabbiylikka nomzod sifatida ko’rsatayotgani haqiqatmikan?» deb savol berishlari aniq edi. Unga bildirilayotgan ishonchni ommaga namoyish etish muhim vazifa edi. Klub g’alaba qozonishda davom etishi kerak edi. Bunday natijaga klubning har bir vakili intiladi. Ayni paytda direktorlik lavozimida ishlayapman va har biringizdek men ham klubning doimo olg’a qadam tashlashini istayman. Hozirda menda ham Bobbi Charlton kabi o’yinni muxlis sifatida tomosha qilish imkoniyati mavjud. Chunki Bobbi faoliyatida xuddi shunday qilgan edi-da. Hoynahoy siz Bobbini g’alaba qozongan paytimizda ko’rgandirsiz, uning ko’zlari qo’vonchga to’lib chaqnab ketardi. U o’yinning har bir soniyasidan lazzatlanardi. Men ham u his etgan tuyg’ularni boshimdan o’tkazishni xohlayman. Evropa bahslarini bevosita tomosha qilish imkoniyatiga ega bo’lib, odamlarga «ushbu jamoa bilan faxrlanaman va u haqiqatdan buyuk klub», - deya aytgim keladi.

Chiqishimning so’nggida mikrofon oldiga Pol Skoulzni etaklab keldim. Unga bu harakatim yoqmasligini juda yaxshi bilardim. Ammo nachora, u ham faoliyatini tugatishdan oldin o’z fikrlarini aytishini xohladim. Bundan tashqari, kasallikka qarshi kurashayotgan Darren Fletcherga ham omad va soliq tilab qoldim.

Bir necha kundan so’ng aeroportda oldimga qo’lida konvert ushlagan bir yigit kelib shunday dedi:

-Mana shuni sizga pochta orqali jo’natmoqchi edim.

U erda Irlandiya gazetasida keltirilgan maqola bor edi. Mazkur maqolada nega men klubni ham, boshqaruv uslubim singari tark etganim aytib o’tilgan edi. «Fergyusoncha uslub» deb sarlavha keltirgan edi maqola muallifi. Menga maqolaning o’sha qismi juda yoqdi. Bu maqola ko’nglimdagidek yozilgan edi va «Yunayted»ni boshqargan onlarimni eslatdi, shu sababli uni miriqib o’qidim.

Ketganimdan so’ng Devid klubga «Everton»dagi yordamchilari - Stiv Raundni, Kris Vuds va Jimmi Lamsdenni taklif qildi. Shu bilan birga u klubning murabbiylar shtabiga Rayan Giggz va Fil Nevillni kiritdi. Bunday harakat esa klubning oldingi murabbiylari Rene Melenstenni, Mayk Felanni va Erik Stilni chetga surishga sababchi bo’ldi. Bu Devidning qarori edi. Men unga yordamchilarim bilan birga ish yuritsa yaxshi bo’lishini aytdim, biroq uning murabbiylar shtabiga to’g’ridan to’g’ri aralashgim kelmadi.

Jimmi Lamsden ko’p yildan beri Devid bilan birga ishlab kelgan. Men uni hali Glazgoda yashab yurgan davrimdan beri yaxshi taniyman. Jimmi mendan unchalik uzoq bo’lmagan Govana shaharchasida tug’ilgan. Men bilan ishlagan murabbiylar ishsiz qolishganidan afsusda edim, biroq futbolda bu kabi holatlar ko’p uchraydi. Shunga qaramay, barcha ish ko’ngildagidek o’tdi. Men murabbiylarimga klubni tark etayotganliklaridan afsusda ekanligimni aytdim. Men bilan yigirma yilga yaqin ishlagan Mayk ulardan uzr so’ramasligimni aytdi va men bilan birga ajoyib davrni boshdan o’tkazgani uchun minnatdorchilik bildirdi.

Xayolan ortga qarab nafaqat g’alabalarimizni, balki mag’lubiyatlarimizni ham yaxshi eslay olaman. Men uch marotaba Angliya Kubogi finalida mag’lubiyatga uchraganman: «Everton»ga, «Arsenal»ga va «Chelsi»ga. Liga Kubogi finalida esa «Sheffild Uensdey», «Aston Villa»ga va «Liverpul»ga yutqazganman. Bundan tashqari yana ikki marotaba Chempionlar Ligasi finalida «Barselona»dan mag’lub bo’lganmiz. Lekin shunga qaramay, «Yunayted» har doim o’z obro’yini saqlab qolgan va keyingi musobaqalarda g’oliblik shohsupasiga ko’tarilgan. Men hech qachon mag’lubiyatlarni unutmayman. 1995 yil Angliya Kubogi finali doirasida «Everton»ga mag’lub bo’lganimizdan so’ng men bir narsani tushunib etdim: «Bo’ldi, bas! O’zgarishlar davri keldi». Shundan so’ng jamoaning asosiy tarkibiga keyinchalik «Klass-92» deb nom olgan akademiyaning yosh futbolchilarini jalb eta boshladim. Biz ularni har doim zaxirada olib tura olmasdik axir. Bu o’zgacha o’yinchilar guruhi edi.

«Yunayted»ning mag’lubiyati har doim turli xildagi yangiliklarga va ko’plab fikr- mulohazalarga sabab bo’lardi. Men hech qachon birxillikni yoqtirmaganman, shu sababli tarkibda o’zgarishlar bo’lib turgan. Finalda uchralgan mag’lubiyat alami oddiy o’yindan ko’ra ancha kuchli bo’ladi. Ayniqsa, o’yinni sen boshqarayotib raqib darvozasi tomon 23 marta zarba bersang-u, raqib esa sen tomon atigi 2ta zarba berib yoki penaltilar seriyasida sendan g’alabani ilib ketsa ich-ichingdan kuyinarkansan. Lekin men o’zimga «Yaxshiroq fikrla, bunday holat qaytarilmasligi uchun nimadir qilish kerak», degan savollar berardim. Men har doim og’ir vaziyatdan chiqib ketish va oldingi holatga qaytishga harakat qilardim. Asosiy maqsadim, shu kabi holatga tushib qolsam, undan qaysi yo’l bilan chiqib ketish yo’llarini izlashdan iborat edi. Mag’lubiyatdan so’ng endi barchasi tugadi deb qo’l qovushtirib o’tirmasdim.

Ba’zan esa shunday mag’lubiyatlar keyinchalik katta natija beradi. G’alabadan ruhlanish yaxshi albatta, biroq mag’lubiyatdan ham to’g’ri xulosa chiqarish zarur. Eng og’ir kunlarda ham jamoa bilan qanday kuchli irodaga ega ekanligimizni namoyish eta oldik. Men bitta aytilgan ajoyib gapni eslayman: «Bu «Manchester Yunayted»ning yana bir tarixiy kuni bo’ldi». Boshqacha qilib aytganda, klubning yana avvalgi holatini tiklashi, jamoaning yakdilligidadir. Agar siz mag’lubiyatga loqaydlik bilan qarasangiz, ishonavering – sizni oldinda bundan-da yomonroq kunlar kutib turadi. Biz ko’p marta o’yin oxirida o’tkazib yuborilgan gol tufayli ochko yo’qotardik, lekin shundan so’ng ketma-ket 6 yoki 7 ta o’yinda g’alabaga erishardik.

0.00%
Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.