Mualliflik bloglari

SER ALEKS FERGYUSON: 2 BOB / 2 QISM

Blog MANUTD

Biz Robson bilan Portugaliyada Eysebioning 50 yilligi munosabati bilan o’tkazilgan o’rtoqlik uchrashuvida to’qnash kelganmiz.

O’shanda Bobbi «Portu» va Lissaboning «Sporting» klublarida murabbiylik qilardi. Ushbu o’yin Erik Kantona uchun debyut uchrashuv edi. Bobbi bizning mehmonxonaga kelib, Stiv Bryusni qidirgancha unga qarata: Stiv men sen haqingda xato o’ylagan ekanman. Men seni terma jamoaga olishim kerak ekan. Seni termaga olib kirmaganim uchun kechir», - degan gapini hech qachon yodimdan chiqarmayman.

Bu holat barcha o’yinchilar ko’z o’ngida sodir bo’ldi!

Murabbiylik sir-sinoatlarini o’rganish bo’yicha tamal toshini, murabbiyik qila boshlaganimning birinchi yillaridayoq qo’yib bo’lgandim. O’shanda ba’zi narsalarga unchalik aqlim etmasa ham, faoliyatimning dastlabki yillarida murabbiylik to’g’risida ko’p ma’lumotga ega bo’lganman. Odamning ichki dunyosiga kirib borish va unga o’z fikrlaringni etkaza bilishni, janubga «Manchester Yunayted»ga borishdan oldin o’rganib olgandim.

Ba’zi odamlar dunyoga boshqacha nazar bilan qarashadi, shu sababli bunday insonlarga moslashishingga to’g’ri keladi. «Sent-Mirren»da Devi Kempbell degan o’yinchim bo’lardi. U kiyikdek tez yugura olsa-da, ammo qo’yonni ham tuta olmasdi. Tanaffus vaqtida uning otasi eshikni ochib bizga qaraganida, men u bilan suhbatlashib turgandim.

- Devi o’yining yaxshi chiqyapti, keyinchalik ham shunday bo’lsin! – deya eshikni orqasidan yopib qo’ydi.

Kunlarning birida Koudenbit shaharchasida «Ist Stirlingshir» o’ynashi sababli biz u erdagi ob-havo bilan qiziqdik. Maydon juda ham qattiq edi, shuning uchun shaharga borib 12 juft beysbol butsalarini sotib olishga to’g’ri keldi. O’shanda hech kimda rezina tishli butsalar yo’q edi. Birinchi bo’limda 0:3 hisobida ortda borayotgandik. Ikkinchi bo’lim boshida, avval men bilan bir jamoada to’p surgan Billi Renton elkamdan do’stona turtib qo’ydi.

- Aleks, seni o’g’lim bilan tanishtirmoqchi edim.

- Xudo haqqi Billi axir biz mag’lubiyatga uchrab turibmiz! – dedim.

Bir necha daqiqa o’tgach, jahldor o’yindagi murabbiy Frenk Konnor unga chiqarilgan qarordan norozi bo’lib, o’rindiqni sindirgancha maydonga uloqtirdi.

- Frenk nimalar qilyapsan, hisob 3:0 axir – dedim men.

- Bu sharmandalik, - jahl qilib javob qaytardi menga.

Atrofimda g’azabga to’la odamlarni uchratish qiyin emasdi.

Shu kabi holatlarga duch kelsam, Jok Steynning Jimmi Jonstoun bilan doimiy kurashlarini yodga olaman. Bir kuni Jimmi safarda Evropada o’ynashdan bosh tortganligi sabab jazo sifatida Jokka almashtirildi. Jimmi maydondan chiqib, - «Bir oyoqli axmoq!» deya oyog’i bilan zaxira o’rindig’ini tepa ketdi. Buni eshitgan Jok Jimmini quva ketdi. Jimmi esa echinish xonasiga kirib qulflanib oldi.

- Eshikni och!

- Yo’q, sen meni urasan axir, – deb javob berdi Jimmi.

- Eshikni tezda och dedim senga! – deya gapini takrorladi Jok. – So’nggi marotaba ogohlantirayapman.

Jim eshikni ochib, issiq suvga to’ldirilgan vannaga kirib oldi.

- Chiq u erdan! – Jok baqira ketdi.

- Yo’q, hech qachon! – deb javob berdi Jimmi. Maydonda esa ayni paytda o’yin davom etardi.

Murabbiy bo’lish, doimiy bo’lib turadigan sinovlardan yaxshi o’tib olish degani. Hayotimda shunday voqealar ham sodir bo’lgan. Bir kuni shotlandiyalik bir nechta futbolchilar ichib olib tunda kichkina eshkakli qayiqda uxlab qolishgan, eshkakni esa suvga uloqtirishgan. Qayiqdagi Jimmi Jonstoun ashula aytib uyquga ketguncha to’lqin ularni sekin-asta dengizga olib ketavergan. Bu xabar «Seltik Park»gacha etib borganida va kichkina Jinki qutqaruvchilar tomonidan qutqarilgani haqida Jok Steynga ma’lumot berilganida u hazillashib:

- Cho’kib ketsa bo’lmasmidi. Biz uni eslab xotira o’yini o’tkazardik, uning xotini haqida g’amxo’rlik qilardik, bundan tashqari boshimda ozgina bo’lsa-da sochim qolardi.

Jok xushchaqchaq yigit edi. Biz u bilan Shotlandiya terma jamoasida birga ishlab yurgan paytlarimizda, 1985 yilning may oyida «Uembli»da Angliya terma jamoasini 1:0 hisobida mag’lubiyatga uchratganimizni yaxshi eslayman. Shundan so’ng biz Islandiya terma jamoasiga qarshi o’ynash uchun Reykyavikka jo’nab ketdik. U erga kechga yaqin etib keldik va biz uchun alohida dasturxon tayyorlashdi. Bahaybat Jok hech qachon ichmasdi, ammo men uni inglizlar ustidan qozonilgan g’alaba sharafiga bir bokal vino ko’tarishga ko’ndirdim.

Islandiyaliklarga qarshi o’yinda esa biz qiyinchilik bilan bo’lsa-da g’alabaga erishdik. Bizning o’sha o’yinimizni haqiqiy halokatga qiyoslasa bo’lardi. Shundan so’ng Jok yonimga kelib:
- Sen buni ko’rdingmi? Shunday bo’lishiga sen va kechagi vino aybdor.

Yillar davomida to’plab borgan tajribamga qaramay, «Yunayted»da ishlagan dastlabki yillarim juda ehtiyotkor edim. Ish yuritishda menga turli vaziyatlardan chiqib keta olish qobiliyatim asqotardi. Rayan Giggz ham shunday xarakterga ega, ammo u juda sekin o’ylaydi. Men ushbu qobiliyatim bilan klubda obro’-e’tibor qozondim, o’yinchilar va xodimlar bilan yaqinroq aloqa qila boshladim. Ammo men ularning har biri bilan alohida-alohida suhbatlashishni va ularga allaqanday narsalarni tushuntirishni istamasdim.

Lekin har doim senga qarshi chiqadigan va gaplaringga bo’ysunmaydigan odamlar chiqib qoladi. «Ist Sterlingshir»dagi faoliyatimning birinchi kunlarida, jamoaning markaziy hujumchisi Jim Mikin bilan ziddiyat paydo bo’la boshladi. Bundan tashqari, klub direktorlaridan biri Bob Shou bilan ham chiqisholmay qoldik.

Bir kuni Jim menga, uning oila a’zolari sentyabrda dam olishga borayotgani haqida xabar berdi. Ular uchun sayohatga chiqish an’anaga aylanib qolgandi.

- Xo’p keyin-chi? – deb so’radim.

- Men shanba kuni o’ynashni istamayman, - deya javob qaytardi Jim.

-Mayli, shunba kuni o’ynashni istamas ekansan, unda kelmay qo’yaqol.

U o’yinga keldi, ammo o’yindan so’ng darrov oilasi bilan Blekpulga jo’nab ketdi.

Dushanba kuni esa u menga qo’ng’iroq chilib:

-Boss, yo’lda mashinam buzilib qoldi, - adashmasam u menga voqea Karlaylda bo’lganini aytdi. O’shanda u meni axmoq deb o’yladi shekilli.

- Seni yomon eshityapman, menga raqamingni ber qaytib qo’ng’iroq qilaman.

Jimlik.

-Qaytib kelmasang ham bo’laveradi.

Shou mendan qoniqmayotgan edi. Uning noroziligi haftalab cho’zilib ketardi, rais esa menga:

- Aleks, shunday qilginki, Bob mening ortimdan Jimni maydonga tushir deb yurmasin, - dedi.

- Yo’q, Uilli u bilan barchasini tugatamiz. Sen meni o’zi uchun qaror chiqaradigan bolalar bilan ishlashimni istayapsanmi?

- Men seni tushunaman, biroq uch hafta o’tdi!

Keyingi kun u ortimdan hojatxonagacha keldi va ro’paramda turib olib:

- Iltimos, Aleks, ozgina bo’lsa ham xristian mehr-oqibatidan tushunchang bordir...

- Mayli, - deb javob berdim.

U menga minnatdorchilik bildirgancha o’pa ketdi.

- Qarib miyang aynib qopti shekilli? – dedim g’azablanib. – Sen meni hojatxona oldida o’payapsan!

1974 yilning oktyabr oyida faoliyatimning yangi davri boshlandi – men «Sent-Mirren»ga o’tdim.Birinchi kundayoq «Peysli ekspress» uchun intervyu berdik. Suratlarning birida, jamoa sardorining ortimda turib qo’li bilan imo-ishora qilayotganiga ko’zim tushdi va keyingi kun uni yonimga chaqirib shunday dedim:

- Sen erkin agent hisoblanasan, shu sababli xohlagan jamoangda o’ynashing mumkin. Sen uchun bu klubda boshqa o’rin yo’q. Sen boshqa o’ynamaysan.

- Nega? – deb so’radi u mendan.

- Murabbiyning ortida turib uni kamsitadigan futbolchi etarlicha tajribaga ega bo’lmagan yosh o’yinchiga o’xshaydi. Jamoa sardori esa es-hushini yig’ib olgan, jamoa haqida qayg’uradigan bo’lishi kerak. Sen qilayotgan ishlar yosh bolaning qiliqlariga o’xshaydi. Ketishingga to’g’ri keladi. Gaplarimni yaxshilab o’ylab ko’r-da, so’nggi qarorni o’zing chiqar.

Bahaybat Jok shunday degandi:

- Hech qachon o’z o’yinchilaringga mehr qo’yma, ular bir kun emas bir kun seni albatta aldashadi.

«Aberdin»da o’yinchilarning turli xildagi hatti-harakatlariga ko’nikishimga to’g’ri kelardi.O’shanda buzg’unchilarni bir necha marotaba ushlab olganman va ular qilgan ishni hazilga olib birgalikda kulishganmiz.

- Menmi? – deb guyoki hech nima bilmagandek tutishardi o’zlarini.

- Ha, sen.

- Men do’stimni ko’rishga borgan edim.

- Nahotki? Uch soatmi? Ustiga ustak mast holatda qaytdingmi? – odatda meni Mark MakGi va Jo Xarperlar aldashga urinishardi.
0.00%
Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.