Mualliflik bloglari

SER ALEKS FERGYUSON: 2 BOB / 1 QISM

Blog MANUTD

U har doim bu erni toza tutardi va bir kuni hattoki ishga kapalakli bo’yinbog’da kelgan.

Pabdagilar uning bu didiga kulgili nazar bilan qarab:

- Gavanada kapalak? Hazillashayapsanmi!

Juma kunlarining birida bar o’rindig’ida bir kishining kichkina idishda qushlar uchun xo’rak sotayotganini ko’rdim. Chunki Glazgoda aholining ikkidan biri uyida kabutar boqardi-da.

- Nima bu? – deb qiziqib so’radim.

- Qushlar uchun xo’rak, - deb javob berdi u menga.

Martin Korrigan degan bir irlandiyalik, hamma narsaga qo’li etishi bilan maqtanib yurardi. Idish-tovoq deysizmi, stol anjomlarimi yoki muzlatgich, xohlagan narsangizni topib bera olardi. Yana bir yigit menga yangi ajoyib durbin sotib olishni taklif qildi.

- Senga durbin kerak emasmi? Menga pul kerak edi. Atigi 5 funtga beraman.

- Faqat bir shartim bor, - deb javob berdim. Agar sen «Baksters» ga boshqa bormaslikka va shu erda vaqtichog’lik qilishga va’da bersang senga besh berishga tayyorman.

Men undan durbinni sotib oldim. U bo’lsa, o’sha tunning o’zida uch funtni pabda sarflab ulgurdi.

Keti uyda mana shunday xaridlar paydo bo’lganida har doim jahl qilardi. Bir kuni uyga italiyada ishlangan chiroyli idish (vaza) olib keldim. Keyinchalik Keti mana shunday idishni do’konda 10 funtga ko’rganini aytdi. Gap shundaki, men bu idishni atigi to’rt funtga sotib olgandim.

Kunlarning birida bir mijoz zamshli pidjak ko’tarib keldi. Bu pidjak egnimda xuddi men uchun tikilgandek chiroyli turardi.

- Qancha? – qiziqib so’radi Keti.

- Etti funt, - deb javob berdim kulimsirab.

Ikki haftadan so’ng biz Brijet uyushtirgan kichik bazmga bordik. Men sotib olgan kiyimimdan xursand bo’lib, oyna oldida o’zimga tikilib turardim. Qo’l qismining to’g’riroq turishi uchun ularni ohista to’g’rilay boshladim va ikki marotaba qo’limni silkitganimda, pidjakning qo’llari uzilib tushdi. Men o’zimni oyna oldida qo’lsiz pidjakda ko’rib qotib qoldim.

Keti kulgisini to’xtata olmay: «Men uni o’ldiraman!» Bu pidjakning hech bir joyi haqiqiy emas.

Hozir bilyard o’ynaydigan xonamning devorida eng yaqin do’stim bo’lgan Billining surati turibdi. U ajoyib takrorlanmas yigit edi. Billi hattoki o’zi uchun kofe ham qaynata olmasdi. Bir kuni uning uyida tushlik qilayotganimizda, undan bir choynak choy qaynatishini so’radim. U ketganicha 15 daqiqa yo’qolib qoldi. Uni qidirib borganimda telefonda xotini Anna bilan gaplashib turganini ko’rdim:

- Choyni qanday tayyorlaydi?

Bir kuni Anna pirog pishirayotib Billidan bir necha daqiqadan so’ng plitaning tagini o’chirishni aytib ketgan. Billi esa o’sha paytda «Samodagi do’zax» filmini tomosha qilayotib, olovni o’chirish esidan chiqib qolgan ekan. Anna qaytganida oshxonadan qop-qora tutun chiqayotganini ko’rgan.

-Yo xudo, nega olovni o’chirmading? Sen hattoki tutunni ham ko’rmadingmi?

-Men tutun televizordan chiqyapti deb o’yladim! – Billi bunga e’tibor ham bermagan edi.

Barchamiz mitti kapalaklar yorug’likka qarab intilgani kabi, Billining uyida to’planishni xush ko’rardik. To’g’risini aytsam, uni ko’pchilik MakKechni nomi bilan yaxshi tanirdi. Uning ikki o’g’li Stiven va Darren haligacha mening o’g’illarim bilan do’st. Billi esa endi oramizda yo’q. Ammo ikkimiz o’tkazgan har bir soniya qiziqarli, kulgili o’tganini doim eslayman.

Mening o’sha paytlar orttirgan ko’plab ajoyib do’stlarim bor. Dunkan Petersen, Tommi Xendri va Jim MakMillan bilan to’rt yoshimda maktabgacha ta’lim muassasasidan beri do’st bo’lib kelganmiz. Dunkan Grandjemutda suv quvurlari bilan ishlardi, ammo negadir juda erta nafaqaga chiqdi. Hozirda u Florida shtatining Kliruoter shaharchasida yashaydi. Dunkan sayohat qlishni juda yoqtiradi. Tommida ayni paytda yurak bilan bog’liq muammolar bor. U Jim kabi muhandis bo’lib ishlardi. To’rtinchisi Angus Shou degan do’stim kasal xotiniga qarash bilan ovora. Yoshlikdan tanish bo’lgan yana bir do’stim Jon Grant 1960 yillarda Janubiy Afrikaga ko’chib ketgan. Uning xotini va qizi ulgurji savdo bilan shug’ullanishadi.

«Xarmoni Rou» dan ketishim Govanadagi do’stlarimdan ayrilishimga sabab bo’ldi. Ular meni jamoani tark etib, «Dramchapel» ga o’tganimni katta xato deb bilishardi. «Xarmoni Rou» xo’jayini Mik MakGovan esa ketganimdan so’ng men bilan umuman gaplashmay qo’ydi. U juda tez xafa bo’ladigan insonlar sirasiga kirardi. Bir ko’zli MakGovan butun qalbi bilan «Rou» ga muxlislik qilardi. Jamoadan ketgach esa MakGovan uchun yo’q kishiga aylanib qoldim. Ammo govanalik yigitlar bilan yigirma yoshgacha birgalikda raqs tushishga borardik. Ushanda ular endigina qizlar bilan tanishishni boshlagandi.

Shundan so’ng ular bilan yo’limiz ajralib keta boshladi. Men Ketiga uylanib Simsxillga ko’chib keldim. Boshqalar ham oilali bo’lishdi. Do’stligimiz yil sayin parchalanib borardi va biz juda kam ko’rishadigan bo’lib qoldik.

Jon va Dunkan 1958-1960 yillari men bilan bir jamoada «Kuinz Park» da to’p surishardi. Murbbiy bo’lganimda esa ishdan tashqari bo’sh vaqtim deyarli bo’lmasdi. «Sent-Mirren» da men hech kim bilan ko’rishmasam-da, lekin do’stlarim bilan ba’zida gaplashib turardim. 1986 yili «Aberdin» ni tark etishimdan ikki oy oldin menga Dunkan qo’ng’iroq chalib, oktyabrda turmush qurganining 20 yilligini nishonlanishini aytdi. «Keti bilan birga kelasizlarmi?» Men unga mamnuniyat bilan borishimni aytdim. Barcha do’stlarimiz ushbu bazmga tashrif buyurishdi va hamma bir-biri bilan ko’rishganidan baxtiyor edi. Har birimizning o’z turmushimiz va baxtli hayotimiz bor edi. Bir oydan so’ng men «Yunayted» ga ketdim. Ammo o’sha kundan beri do’stlar bilan aloqalarimiz yanada mustahkamlandi.

Yigirma yoshga to’lganingizda do’stlik rishtalari taqdir taqozosi bilan uzilishi mumkin. Do’stlarim hech narsaga qaramay, bir-birlari bilan yaxshi aloqada bo’lishadi. Ular orasida faqtgina men bundan hech qachon qochmagan bo’lsam-da, ular bilan bordi-keldi qila olmadim. Chunki taqdir meni boshqa yurtlarga etaklab bordi. 1978 yili men «Aberdin» ga o’tdim va bu do’stona munosabat hattoki «Manchester Yunayted» ga o’tganimda ham davom etaverdi. Ular bizning Cheshirdagi uyimizga kelishardi va biz do’stlar uchun bazm tashkil etib, eski ashulada raqs tushardik.

Barcha do’stlarim yaxshi kuylashardi. To’ldirib quyilgan vino bo’lsa, mening kuylash qobiliyatimga yanada ko’proq ishonch berardi. O’shanda biz Frenk Sinatraning qo’shig’idan boshqa qo’shiqni eshitmasdik ham. U biz uchun eng zo’ri edi-da. Ularni ma’lum bir daqiqaga bo’lsa-da «Oy shu’lasi» dek ajoyib ko’shiq bilan bahramand qilgim kelardi. Qo’shiqning bir necha so’zini kuylab ulgurmay ko’zimni ochsam, xonada hech kim qolmaniga guvoh bo’lardim.

- Sizlar mening uyimga kelib, hamma ovqatni eb, qo’shni xonaga borib surbetlarcha televizor tomosha qilishga botina olasizlarmi? – g’azablanib so’radim men.
- Sen juda xunuk kuylaysan. Shu sababli bizlarni qo’shig’ingni eshitishga majburlama! – deb javob berishdi ular.

Do’stlarim yaxshi va ishonsa bo’ladigan odamlar. Ularning deyarli hammasi qirq yildan ortiq turmushda. Do’starim meni qo’llab turganlari uchun Xudodan bag’oyat minnatdorman va ularning menga qilgan barcha yomonliklarini kechiraman. Ular bilan qonimiz bir, bir joyda tug’ilib ulg’ayganmiz va har doim og’ir daqiqalarda bir-birimizni qo’llab turamiz. Klubim mag’lubiyatga uchraganda ular menga «juda yomon o’yin bo’ldi» deb aytishmaydi, balki «siz yaxshi o’ynadingiz yigitlar» deya dalda berishadi.

Aberdinda ham bir qancha do’stlar orttirdim. Shotlandiyada esa men bir narsani bilib oldim – shimol tomonda yashovchi odamlar og’ir xarakterga ega bo’lsharkan. Ular bilan do’stlashish uzoq muddat talab etadi, ammo ularning do’stligi boshqalarnikiga qaraganda samimiy va yaqinroq bo’larkan. Biz bilan har doim dam olishga chiqadigan Gordon Kempbell, mening advokatim Les Dalgarno, Alan MakRey, Djordj Remzi, Gordon Xatchondek do’stlarim ham bor.

«Yunayted» da vakolatim oshib borgan sari odamlar bilan kamroq aloqa qilib borardim. Shanba kuni kechqurunlari dam olishga boshqa shaharga borishni ham bas qilgandim, chunki futbol bor kuchimni tortib olayotgandi. Agar o’yin uchda boshlansa, unda uyga aniq kechqurun to’qqizlarda etib borardim. Omadning kelishi uchun shuncha ko’p harakat qilishga to’g’ri kelardi-da. Bundan tashqari yana 76000 inson shu paytda uyga qaytadi. Biror joyga dam olgani borish niyati ham asta-sekin so’nib bordi, lekin men yangi do’stlar orttirdim. Axmet Kurtser – «Olderli Edj Xotel» boshqaruvchisi, Sotirios, Mimmo, Marius, Tim, Ron Vud, Piter Dan, Pet Merfi, Pit Morgan, Ged Meyson, ajoyib Xarold Rayli va albatta meni qo’llab turadigan barcha ishchi guruh xodimlari. Men bilan bir shaharda tug’ilgan Jeyms Mortimer va Villi Xoi, Martin O’Konnor, Nyu-Yorklik Charli Stillitano va Germaniyalik Ekxard Krautsun. Ular bilan bir joyda dam olishga borganimizda kunimiz juda maroqli o’tardi.

Manchesterda o’tkazgan birinchi yillarda men «Siti» ning bosh murabbiyi Mel Machin bilan do’stlashib olgandim. U biz bilan bo’lgan o’yinda 5:1 hisobida qozonilgan g’alabadan so’ng klubdan haydalgan edi. Fikrimcha, uning haydalishiga sabab kam kulganida bo’lsa kerak. Agar «Yunayted» da ham shunday printsiplar amal qilinganida edi, meni allaqachon bo’shatib yuborishgan bo’lishardi. «Vest Xem» murabbiyi Jon Layallning yordami ham menga ko’p tegardi. Men Angliyadagi o’yinchilarni unchalik yaxshi bilmasdim va «Yunayted» ning selektsion bo’limiga u qadar ishonmasdim. Shu sababli Jonga qo’ng’iroq qilib, klubni qaysi bir futbolchi kuchaytira olishi haqida ma’lumot olardim. Men unga to’liq ishonardim. «Manchester» yomon o’ynayapti degan gaplar paydo bo’lganida Jon menga:

- Men bu jamoada Aleks Fergyusonni ko’rmayapman, - deya javob berardi.

«Reynjers» klubining sobiq bosh murabbiyi Jok Uolles ham bir kuni mehmonxonada menga shunday dedi:

- Men bu jamoada Fergyusonning yo’qligini his etyapman. Sendan bir ilojini topib uni maydonga qaytarishingni so’rayman.

Bu insonlar menga kerakli vaqtda o’z maslahatlarini ayamas edilar. Bu orada Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Bobbi Robson bilan ham tanishib olishga ulgurdim. O’sha paytdagi yana bir do’stlarimdan biri Lenni Lourens haligacha menga eng yaqin insonlardan biri.

0.00%
Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.