ISTE’FOGA CHIQISH.
TUB BURILISH.
2001 yilning rojdestvo kechasida divanda televizor tomosha qilguncha uxlab qoldim. Oshxonada esa o’sha paytda g’alayon boshlanayotgan edi. Oila a’zolarimizning har biri o’z hayotidagi masalani hal qilish yoki birgalikda kelishib bir qarorga kelish uchun oshxonada kichkina majlis o’tkazardi. Men uxlab yotgan mehmonxonaga g’alayonchilarning sardori kelib, meni uyg’otish uchun oyog’i bilan tepdi. Ko’zimni sekin ochsam, eshik oldida turgan uch nafar o’g’illarim turishardi: ular menga qarab bir qator bo’lib tizilib turishardi.
- Biz hammasini maslahat qilib shunday qarorga keldik, - dedi Keti. – Sen nafaqaga chiqmaysan.
- Men undan eshitgan gapni sekin-asta hazm qildim-u, unga qarshilik qilishni istamadim.
- Birinchidan sen sog’lomsan, ikkinchidan mening uydagi ishlarimga aralashmaysan, uchinchidan esa nafaqaga chiqishga hali yoshlik qilasan, - Keti menga gapirayotganda bolalarimiz uning ortida turishardi. Shunda ular ham onasi tomonida ekanligini tushundim:
- Ota, axmoqlik qilmang, - deyishdi ular. – Siz hali ularga ko’p maslahat bera olasiz va «Yunayted»da yangi jamoa shakllantira olasiz.
Men besh daqiqa mizg’ib olmoqchi edim, ammo oxir-oqibat yana 11 yil ishlab qo’yganimni bilmay ham qoldim.
1999 yilgi Chempionlar ligasi finalidan so’ng Martin Edvardsning menga aytgan gapi nafaqaga chiqishga qaror qilishimga sabab bo’ldi. Martindan men murabbiylikdan ketganimdan so’ng, klubda men uchun birorta o’rin topiladimi deb so’rashganda, u shunday javob berdi:
- Nima ham qilardik, lekin biz Mett Basbining voqeasini takrorlashni istamaymiz.
Bunday javob menga yoqmadi. Ushbu ikki davrni hech ham taqqoslab bo’lmasdi axir. Mening davrimda qiyinchiliklar ko’proq, chunki har tomondan OAV qurshab olgan, bundan tashqari, futbolchilarning agenti va shartnomalari bilan bog’liq muammolar ham bor edi. Faqatgina bitta inson mana shu g’alvaga boshini tiqishni istamay, menejerlikdan ketishga qaror qildi. Shuning uchun keyingi o’yinlarda ishtirok etishim va futbol savdosiga aralashishdan hech qanday ma’no yo’q edi.
Yananimalar meni bo’shash qaroriga kelishimga sabab bo’lgan? Usha kuni Barselonada o’tkazgan ajoyib tundan so’ng go’yoki o’zimni murabbiylik faoliyatimning cho’qqisiga etib kelgandek his etdim. Avvallari jamoam Evropa chempionlari Kubogini hech ham qo’lga kiritmagan edi va shu sababli buning ta’mi qanday bo’lishini kutib yashadim. Mana shunday yuksak natijani qo’lga kiritgach, hayotda yana bir bor shunday natijaga erisha olarmikanman deb o’ylanib qolasan. Martin Basbi sindromi haqida gapirganida xayolimga: «Bu nima axmoqlik!», «Oltmish – ketish uchun yaxshi yosh» degan fikr keldi.
Shunday qilib miyamda ketish uchun uchta sabab aylanib yurardi: Edvardsning gapidan xafa bo’lganim, Chempionlar ligasida keyinchalik g’alaba qozona olamanmi degan xayol va baxt qushini tutishga xalaqit berayotgan 60 yosh.
Men o’ttiz ikki yoshimdan beri murabbiyman. Gapimga qo’shilmaydiganlar bilan garov bog’lashga tayyorman, oltmish yosh - ishlash qobiliyatingizga qattiq ta’sir qilarkan. Ellik yoshda hayot kitobingizning keyingi sahifasini ocha olasiz, ammo oradan yana o’n yil o’tganida esa:
- Ey Xudo, men oltmish yoshdaman va o’zimni xuddi oltmishga kirgandek his etyapman. – deysiz.
Lekin yana o’n yilni bosib o’tishingizga to’g’ri keladi. Mana shu oraliqni bosib o’tayotgan paytda esa 60 bu faqat raqam ekanligini tushunib etasiz. Hozirda o’zimni a’lo darajada his etyapman, lekin o’shanda 60 yoshga to’lganimda ruhiy bosim menga qattiq ta’sir qildi. Ushbu son o’zimni yosh his qilishimga to’sqinlik qilardi, sog’ligim ham asta-sekin yo’qolib borayotganini his etardim. Chempionlar ligasida g’alaba qozonganimiz esa o’z majburiyatimni bajardim va endi boshimni baland ko’tarib ketsam ham bo’laveradi degan tushunchani berardi. Bularning bari ketish uchun xayolimda suzib yurgan sabablar edi. Biroq Martinning yangi bosh murabbiy ortida turib meni haqorat qilganini eshitib:
- Bu qanaqa hazil...
Albatta qarorimni tezda o’zgartirsam, o’zim ham ancha engil tortardim. Lekin xotinim va bolalarim bilan kichkina sabablarni deb tortishishda davom etaverdim:
- Men qarorim haqida klubga xabar berib bo’lganman va buni o’zgartira olaman deb o’ylamayman.
- Ular seni hurmat qilgan holda qaroringni o’zgartirishni so’rashlari kerak, deya javob berdi Keti.
- Lekin ular o’rnimga boshqa birovni topib bo’lgan bo’lishlari ham mumkin.
- Jamoa uchun shuncha qilgan mehnating haqqi-hurmati, ular senga yana bir imkon bersalar bo’lardi, - deya o’z fikrida qoldi u.
Keyingi kuni men Moris Uotkinsga qo’ng’iroq qildim, u mening yangi qarorimni eshitib kuldi: «xedxanterlar» yangi bosh murabbiy bilan keyingi hafta ko’rishishlari kerak edi. Fikrimcha, «Manchester Yunayted»ning yangi bosh murabbiyi etib Sven-Yoran Erikssonni tanlashsa kerak, ammo bu Moris tasdiqlashni istamagantaxminlarim edi xolos.
- Nega Eriksson? – deb so’radim undan.
- Balki haqdirsan, balki yo’q, - ikkilanib javob berdi u.
Uning Pol Skoulzdan so’ragan gapi esimda:
- Skoulzi, Erikssonning senga qaysi jihatlari yoqadi? – biroq u ham menga bu jumboqni echib bera olmadi.
Morisning keyingi harakati aktsionerlik jamiyatining raisi bo’lgan Roland Smit bilan shartnoma tuzishdan iborat bo’ldi. Bir kuni Smit bilan suhbatlashganimda u menga shunday degandi:
- Ahmoqlik qilayotganingni oldin ham aytmaganmidim? Yana bir marotaba suhbatlashib bu haqda gaplashib olishimiz mumkin.
Roland mana shunday qari donoshmand kishilardan biri edi. U juda boy va hayotidan mamnun yashardi. Roland hayoti davomida qo’p narsani boshidan o’tkazgan va shu sababli qiziqarli voqealar haqida gapirib bera olardi. Bir kuni u Margaret Tetcherni Qirolicha bilan ovqatlangani xususida gapirib bergan edi. O’shanda Hazrati Oliyalari u kishining samolyotlarini ta’mirlab berishni so’ragan. Roland ularning oldidan o’tib keta yotib, bir-biriga orqasini qilgan holda qarama-qarshi o’tirganining guvohi bo’lgan.
- Roland, - deb chaqirgan Qirolicha, - siz bu ayolga mening samolyotim ta’mir talab ahvolda ekanligini ayta olasizmi?
- Xonim, men sizga yordam berishga tayyorman, - deb javob bergan u.
Xuddi shunday javobni undan, mening qarorim bilan bog’liq masala bo’yicha ham eshitishni xohlardim. Men uning yordamiga muhtoj edim. Birinchi navbatda Rolanddan yangi shartnoma talab etilardi. Mening shartnomam yozda tugardi va uning muddatini yangilash uchun shoshilish kerak edi. Iste’foga chiqish sanasini aytganimda, katta xatoga yo’l qo’yganimni anglab etdim. Boshqalar ham buni tushunishdi. O’shanda Bobbi Robson menga shunday dedi:
- Nafaqaga chiqishni xayolingga ham keltirma.
Bobbi g’aroyib inson edi. Bir kuni oilam bilan uyda o’tirganimda telefon chiringlab qoldi:
- Aleks, men Bobbiman. Band emasmisan?
- Qaerdasan? – deb so’radim undan.
-Uilmslouda.
- Yaxshi, uyimga kirib o’t.
- Xo’p, men allaqachon eshiging tagida turibman, - deb javob berdi.
Bobbi g’ayratli va tetik inson edi. 2004-2005 mavsum boshida «Nyukasl»dan haydalishiga qaramay, u klubga qaytib borib o’z ishini davom ettirish orzusida yurardi. Ishsiz yurish Bobbining xarakteriga umuman to’g’ri kelmasdi, ammo u «Nyukasl»ga qaytib bora olmadi. Bo’ysunmaslik xususiyati u bilan umrining oxiriga birga bo’ldi va u futbolni qattiq sevishini namoyish etdi.
Sportdan ketishga qaror qilganimda, darrov rejalar tuzishni to’xtatib qo’ydim. O’z qarorimni o’zgartirganimda esa boshimda yana o’yin sxemalari va taktikalar paydo bo’la boshladi. Men o’zimga «Bizga yangi jamoa kerak» deganimda, ishga bo’lgan mehr, kuch-g’ayrat va shijoat qaytib keldi. Men skautlarga shunday e’lon berdim:
- Yigitlar yana bir bor harakat qilib ko’raylik-chi.
Biz ishga ruhlanib kirishib ketdik.
Jismoniy jihatdan hech qanday charchoqni his etmay qo’ydim va yangi rejalarimni amalga oshirishga to’g’anoq bo’ladigan muammolarni ham yo’limda uchratmadim. Boshliq inson ba’zan juda zaif kishiga aylanib qolarkan. Ba’zida esa «qilayotgan ishlaring, seni hurmat qilishlariga sabab bo’larmikan» kabi savollarga ko’milib ketasan. Do’stim Xyu MakIlvan «Arena-TV» uchun Steyn, Shenkl va Basbi haqida trilogiya suratga oldi. Ushbu filmlarning ma’nosi shundan iborat ediki: bu insonlar klublari uchun juda katta ishni amalga oshirgan bo’lsalar ham, oxir-oqibat ular bilan yomon muomalada bo’lishadi va qilgan ishlariga yarasha taqdirlanishmaydi ham. Bahaybat Jok menga klubning xo’jayinlari va direktorlari to’g’risida quyidagilarni gapirib bergan edi:
- Har doim esingda tut Aleks, biz ularga o’xshagan emasmiz. Bu ularning klubi, biz esa faqatgina yollanma ishchilarmiz, xolos.
Jok qisman bo’lsa-da buni his etib turardi. Ular bilan bizning o’rtamizda er xo’jayinlari va qullar kabi farq bor edi.
Ularning «Seltik»da Jok Steyn bilan qo’pol muomalada bo’lgani yoqimsiz ekanligi bilan yana kulgili ham edi. Ular Jokdan klubdagi basseynlarni boshqarishni so’rashgan. «Seltik» bilan 25ta sovrinni qo’lga kiritib, oxirida basseynlarni boshqarish, - aqlga sig’maydi. Murabbiy Bill Shenklini esa «Liverpul»ning boshqaruv majlisiga hech ham taklif etishmasdi, buning oqibatida esa unda klubdan xafalik tuyg’usi ortib borardi. Bill hattoki «Manchester Yunayted»va»Tranmir Rovers»ning o’yinlariga kela boshladi. U ba’zida bizning «Kliff»dagi eski bazamizda bo’lib o’tadigan mashg’ulotlarga ham kelib turardi, bundan tashqari, «Everton» ham mashg’ulotlariga ora-sira borib turardi.
Atrofingdagilarni qo’llashiga qaramay, ba’zida shunday vaqtlar keladiki, o’zingni beixtiyor kuchsiz va himoyasiz his eta boshlaysan. O’shanda Devid Gill bilan ishlagan davrimda ishdagi sharoit ajoyib edi. Munosabatlarimiz ham a’lo darajada edi. Biroq murabbiyda har doim omadsizlikka nisbatan qo’rquv tuyg’usi yuradi va ko’p vaziyatlarda yakkalanib qolgandek bo’ladi. Ba’zida kechqurunlari bilan o’z kabinetimga qamalib olardim, o’shanda ser Aleks band deb o’ylashib eshikni biror marotaba ham taqillatishmasdi. Ba’zan biror kishi taqillatishini istab, Xudoga iltijo qilardim. Shunga o’xshash vaziyatlarda xonamga Mayk Felan yoki Rene Myolensten kirib, qahva ichishni taklif etishlarini xohlardim. Men bo’lsa kimnidir qidirgancha undan birgalikda qahva ichishni so’rardim.
Ertalabdan tushlik vaqti soat birgacha har doim kabinetim eshigi oldida meni ko’rishni istagan insonlar yig’ilib turishardi: yoshlar akademiyasidan kelgan yigitlar, kotibim - Ken Ramsden va asosiy tarkib o’yinchilari. Bunday holat esa ularning ba’zida o’z oilasi sirini ham menga ishonib gapirishidan darak berardi. Menga o’z yuragini ochgan insonlarga, hattoki charchab holdan toygancha shartnoma bilan bog’liq muammoni hal etish uchun yonimga kelgan o’z o’yinchilarimga ham, har doim yaxshi maslahat berganman.
Agar jamoaning biror bir o’yinchisi ta’til berishlarini so’rab iltimos qilsa, unga buning uchun kattaroq sabab bo’lishi kerak edi, chunki u «Yunayted»ning mashg’ulotini o’tkazib yuborardi-da. Men har doim o’yinchilarga ruxsat berib, ularga bo’lgan ishonchimni ko’rsatardim. Chunki agar sen «Yo’q, senga ta’til nega kerak?» deb so’raganingda «Chunki buvim olamdan o’tib qoldi» deb javob qaytarishsa, o’zingga noqulay bo’lardi-da. Agar qandaydir muammo chiqib qoladigan bo’lsa, men har doim ularni ijobiy hal etishga harakat qilardim.
Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.