Mualliflik bloglari

SER ALEKS FERGYUSON: 3 BOB / 3 QISM

Blog MANUTD

Bu o’yindan menga iliq xotiralar qolgan.

O’yinchilar o’tkazib yuborilgan uchta goldan so’ng mendan tanbeh eshitishlarini sezib, boshlarini pastga qilgancha asta-sekin echinish xonasiga kirib borardilar. Lekin tanbeh o’rniga quyidagi so’zlarni eshitishdi:

- Yaxshi, bo’lgan ish bo’ldi. Endi ikkinchi bo’limda gol urasizlar, keyin ko’ramiz vaziyat qanday bo’larkin. Maydonga chiqqandan boshlab, bosim uyushtiringlar va tezda hisobda oldinga chiqib olinglar.

Biz maydonga chiqayotganimizda «Tottenxem» sardori Teddi Sheringem o’yinchilarga qarata shunday dedi:

- Asosiysi, ularni tezkor gol urishiga yo’l qo’ymasligimiz kerak.

Bu gaplar mening yodimda butun umr qoladi. Biz ikkinchi bo’limning birinchi daqiqasidayoq tezkor gol kirita oldik.

«Shporlar» charchab qolishdi, «qizil iblislar» esa hujumga tashlanishdi. O’yinda g’alabaga erishish uchun bizda 44 daqiqa bor edi va biz ularning har soniyasidan unumli foydalanib o’yin so’nggigacha 4ta to’p kiritishga erishdik. Aql bovar qilmaydi! «Tottenxem» yordamga muhtoj bechoraga aylanib qolgandi. Shunday jiddiy raqib ustidan ajoyib g’alabaga erishish «qizil iblislar» tarixida butun umr muhrlanib qoladi. Bu g’alabadan so’ng echinish xonasiga kirsangiz edi: futbolchilar hozirgina minglab muxlislar oldida ko’rsatgan karomatlariga ishonmay boshlarini chayqashardi. O’shanda Teddining aytgan gaplari, raqiblarimizni tezkor javob to’plari bilan qattiq qo’rqitib qo’yayotganimizdan dalolat berardi. Jamoada o’tkazib yuborilgan goldan so’ng qasos olish tushunchasi shakllana bordi. Ko’pchilik jamoalar bizga qarshi o’yinda bemalol harakatlana olishmasdi. Ular doimiy harakatda bo’lishmasa, jiddiy muammolarga duch kelishlari aniq edi. Ular har doim bizdan qarshi hujum kutishardi va shunga tayyor turishardi.

O’yin davomida soatimga tez-tez qaraganim, boshqa jamoalarni qo’rqitib turardi. Xohlasangiz sizlarga «Manchester Yunayted»da o’tkazgan faoliyatim yakunidagi 15 daqiqa to’g’risida so’zlab beraman. Bu qo’rqinchli edi va go’yoki darvoza to’ri barcha to’plarni so’rib olayotganga o’xshab tuyuldi! Ko’p holatlarda raqiblarimiz bizga qarshi o’yinda yirik hisobda mag’lubiyatga uchrashdan qo’rqishardi, bizning jamoa esa g’alaba keltiruvchi golga ishongan holda o’yin namoyish etardi xolos. Jamoa har doim odatdagidek o’yin ko’rsatardi, ammo «Yunayted» har doim g’alaba qozonish haqida orzu qilib yashagan. Bu esa eng yaxshi xususiyat.

Men tavakkal qilishni yaxshi ko’raman. O’yin paytida o’zimga o’rnatgan tartibim quyidagicha edi – hayajonlanma, o’zingni qo’lga ol va o’yinning so’nggi 15-daqiqasigacha sabrli bo’l, undan so’ng esa hissiyotlaringga erkinlik berishing mumkin.

«Uimbldon»ga qarshi Kubok uchun bo’lgan o’yinlarning birida Shmeyxel darvozasini tark etdi va maydon markazining ikkinchi yarmida Denis Irvin va Jon Fashanudan boshqa hech kim qolmadi. Shmeyxel ikki daqiqa davomida o’z o’rniga qaytmadi. «Uimbldon» esa to’pni Fashanuga etkazib bergan bir vaziyatda, Denis to’pga birinchi bo’lib tashlanishga qaror qildi va to’pni yana qaytib raqib jarima maydonchasiga etkazib berdi. Ajoyib tomosha bo’ldi.

Peter dovyurak yigit edi. U va Faben oldinga chiqib o’ynashni yoqtirishardi. Bartez maydonda ham yaxshi o’yin ko’rsata olardi. Tailandga borganimizda u mendan uni o’yinchi sifatida maydonga tushurishimni so’radi va men uni ikkinchi bo’limda o’yinchi sifatida maydonga tushirdim. Gol urishga intilib to’pning ketidan yugurgan Bartez, tezda charchab qoldi.

Hech bir jamoa «Old Trafford»da «Manchester»ni yuta olamiz deb aniq ayta olmasdi. «Yunayted»ga imkoniyat qoldirmay, uni tushkun ahvolga soladigan jamoaning o’zi yo’q edi. 1:0 yoki 2:1 hisobida yutib turgan paytda, raqib murabbiyi so’nggi 15 daqiqada mag’lubiyatga uchrashi aniqligini juda yaxshi bilardi. Mehmonlar uchun ajratilgan o’rindiqda har doim qandaydir qo’rquv hissiyoti hukm surardi. «Qani, ko’ramiz, g’alabani ushlab tura olarmikinsizlar?» degan ma’noda, shafqatsizlarcha raqibni o’z jarima maydonchasi ichiga qisib borardik.

Imkonimizning boricha harakat qilib, raqib jamoani qiynoqqa solardik. Ular ham shunday bo’lishini oldindan bilishardi. Raqib ruhiyatiga zarracha ta’sir o’tkaza olsak bas, ular butkul taslim bo’lishardi. To’g’ri, bu har doim ham qo’limizdan kelmasdi, ammo shunday vaziyatlarda g’alabadan o’zgacha zavq olardik. Tavakkal qilish har kimning ham qo’lidan kelavermaydi.

Biz o’z jarima maydonchamizni tark etib, raqib jarima maydonchasiga intilganimizda ba’zi-ba’zida gol o’tkazib turardik. Shunday o’yinlarning birida biz «Liverpul»ga yutkazib qo’yganmiz, Lyuk Chadvik orqaga qarab yugurayotganda g’alati tarzda maydondan chetlatilgan edi. Boshqa hamma o’yinchilar jarima maydonchasi ichida edi va men nega bunday bo’lganini haligacha tushuna olmayman. Bizga qarshi o’yinda raqiblarimiz ko’p holatlarda butun jamoa bo’lib himoyalanishardi va oxir-oqibat ularning himoyadan chiqishlari qiyinlashib qolardi.

«Shporlar» bilan bo’lgan o’yinning birinchi bo’limidan so’ng biz tushkun ahvolda edik. Bu o’yinda g’alabaga erishish uchun kiritgan 5ta golimizning so’nggi ikkitasini Veron va Bekxem urishdi. Lekin shunga qaramay, bizda haligacha darvozabon bilan bog’liq muammo bor edi. Oktyabrda Faben Bartez ikkita ahmoqona xatoga yo’l qo’di. Faben to’pni mushti bilan qaytarishga urinib xatoga yo’l qo’ygan o’yinda biz 1:2 hisobida «Bolton»ga va 1:3 hisobida Liverpulda mag’lubiyatga uchraganmiz. 25 noyabr kuni «Arsenal»ga qarshi bo’lib o’tgan o’yinda bizning frantsiyalik darvozabonimiz to’pni chiroyli tarzda Terri Anriga uzatib berdi. Anri esa imkoniyatdan unumli foydalandi. Oradan bir qancha vaqt o’tgach, Faben to’pga qarab otilib chiqdi, ammo uni ushlab qola olmadi, Anri esa bunday imkoniyatni qo’ldan boy bermadi va yana gol urishga erishdi.

2001 yilning dekabr oyi biz uchun yaxshi boshlanmadi, chunki biz «Chelsi»dan 0:3 hisobida mag’lubiyatga uchradik. Bu biz o’tkazgan o’n to’rtta o’yin orasida beshinchi mag’lubiyat edi. Biroq ushbu dahshatli mag’lubiyatdan so’ng ishimiz o’ng tomonga qarab siljidi: Ule Gunnar Sulsher van Nistelroy bilan til topisha boshladi (Endi Koul yanvarda «Blekbern»ga ketmoqchi bo’lib turgandi) va yangi 2002 yildan boshlab musobaqa jadvalida ko’tarila boshladik. «Rovers» ustidan 2:1 hisobida g’alaba qozongan o’yinimizda Rud o’yinlarda ketma-ket kiritgan gollari sonini o’ntaga etkazib oldi.

Yanvar oyining oxirida biz 4 ochko farq bilan musobaqa jadvalining birinchi o’rnida borayotgandik. Fevralda esa bosh murabbiylikdan ketishimni e’lon qildim.

Ketishim borasidagi qarorga aniqlik kiritib olganimda jamoa yanada yaxshiroq o’ynay boshladi. Biz 15 ta o’yindan 13 tasida g’alaba qozondik. Chempionlar ligasi finaliga chiqishdagi umidimni uzmadim va hattoki final bo’lib o’tadigan shaharda mehmonxonadan joy buyurtirib qo’ydim. Men finalga katta e’tibor qaratmaslikka urindim, biroq jamoani «Xempden Park»ka olib chiqish g’oyasiga ishtiyoq ortib bordi.

Yarim finalda «Bayer» bilan to’qnashib 3:3 hisobida durang o’ynadik va biz mehmonda kiritilgan gol evaziga musobaqani tark etishga majbur bo’ldik. «Old Trafford»da bizga Mixael Ballak va Oliver Noyvill gol urishgandi. Bundan tashqari, «Bayer» tarkibida keyinchalik «Tottenxem»dan bizga o’tgan Dimitar Berbatov ham bor edi.

Ammo ishim saqlanib qoldi va men murabbiylik qilishda davom etdim. Yangi yil arafasida tug’ilgan kunimni o’tkazdim va biz barcha oila a’zolarim bilan «Olderli Ej» mehmonxonasida yig’ildik. Oradan bir necha yil o’tgach, yana hammamiz birga yig’ildik, Mark Londondan uchib keldi, Darren, Jeyson va Keti ham kelishdi. Barcha g’alayonchilar yana bir stol atrofida to’planishdi.

O’yinchilarga Fergyuson klubda qoladi degan paytda ulardan turli xildagi hazillarni ham ko’tarishga tayyor edim. Bu kabi issiq yangilikni e’lon qilganingdan so’ng o’zing ham kuyib qolishing hech gap emasdi.

Rayan Giggz hazilga juda usta edi.

- Ana xolos! Gapira olmay qoldim, tilim aylanmay qoldi. – Men endigina yangi shartnoma imzolagan edim axir, - dedi.

0.00%
Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.