Эксклюзив /

ChL: Faktlar, Raqamlar, Rekordlar

1955 yil 4 sentyabrda Portugaliya poytaxti — Lissabon shahrida «Sporting»-«Partizan» o’yini (3:3) o’tkazildi. Bu bilan klublar o’rtasidagi Evropa Chempionlar kubogi start oldi.

Bugunga kelib Chempionlar Ligasi nomi bilan yuritiladigan turnir klublar o’rtasidagi eng nufuzli va serdaromad musobaqaga aylanib ulgurdi. ChL nufuzini shundan ham bilsa bo’ladiki, 1993 yildan buyon hech bir jamoa unda qatorasiga g’alaba qozonolmayapti. Turnirning yangi mavsumi guruh bosqichi starti arafasida sizlarni shu kabi «tesha tegmagan» faktlar bilan tanishtirish niyatidamiz.

G’OLIBLIK BO’YICHA

— Jami 22 jamoa Evropa klublarining eng nufuzli sovrinini qo’lga kiritgan. Ular orasida «Real Madrid» yaqqol favorit — 9 marta.

— 13ta chempionat vakillari Chempionlar kubogi|Ligasi finaliga chiqishgan bo’lib, ulardan Gretsiya, Belgiya, Shvetsiya jamoalariga g’olib chiqish nasib qilmagan. Ispaniya primerosi vakillari ChL g’olibligini 13 marta qo’lga kiritgan bo’lsalar, Italiya «A» seriyasi ishtirokchilari hisobida g’alabalar soni bitta oz. Frantsuzlar bu borada ancha omadsiz hisoblanadilar. Ular 6 marta finalga chiqib, atigi bir marta g’oliblik nashidasini surishgan.

— Mavzuni shaharlar borasida davom ettirsak, Milan vakillari 16 marta finalga chiqishib, 10tasini o’z foydalariga hal qilishgan. Madrid shahrida bu ko’rsatkich 9ga 4. Myunxen shahrining vakili — «Bavariya» bu borada yagona. U 10ta finaldan teng yarmida g’alaba qozongan.

— 9ta jamoa kubok yutgan mavsumda biron marta mag’lubiyatga uchramagan. Bu ishni ikki karra takrorlash faqat «Ayaks», «Liverpul», «Milan» va «MYu»ga nasib etgan.

— «Stad de Reyms» va «Velensiya» jamoalarining taqdiri o’xshash. Ular ikki martadan finalda o’ynab, nufuzli musobaqa g’olibligidan quruq qolishgan.

— «Benfika» va «Yuventus» jamoalari ham bitta jihatda bir-birlarini eslatishadi. Ularning hisobida finaldagi 2tadan yutuq va 5tadan mag’lubiyat bor.

— Chempionlar kubogining ilk g’olibi «Real Madrid» ilk davrda musobaqada uzluksiz 15 marta — 1969/1970 yillar mavsumigacha ishtirok etgan. Joriy yili esa «MYu» yangi formatdagi musobaqaning 18-mavsumi (1996/97), «Real Madrid» 17-mavsumi (1997/98), «Arsenal» esa 16-mavsumini (1998/99) uzluksizqarshilayapti.

YIRIK HISOBLAR

— Chempionlar kubogi tarixida 2 marta o’ta yirik hisob qayd etilgan: «Dinamo» (Buxarest)-«Kruzaders»-11:0 (1973/74); «Feyenoord» — «KR Reykyavik» 12:2 (1969/70). Ikkinchisi turnir tarixida eng ko’p gol urilgan o’yin sifatidaqolmoqda.

— Hozirgi formatdagi musobaqada esa eng yirik hisob 2011/2012 yillar mavsumi saralash bosqichining ikkinchi raundida, XIK (Xelsinki) va «Bangor Siti» jamoalari o’rtasidagi bahsda qayd etildi — 10:0.

— 1960 yilgi final eng ko’p gol urilgan hal qiluvchi bahs hisoblanadi: «Real Madrid»-«Ayntraxt» (Frankfurt)-7:3.

FAXRIY LEGION

— Bu erda gap Chempionlar Ligasida 100 tadan ortiq o’yin o’tkazganlar haqida bormoqda. Atigi 23 futbolchi nufuzli turnirda (saralash raundlarini ham qo’shganda) 100tadan ortiq uchrashuv o’tkazgan. Quyidagi 11 futbolchi esa bitta klub safida ChLning 100 tadan ortiq o’yinida maydonga tushgan: Paolo Maldini («Milan»), Oliver Kan («Bavariya»), Rayan Giggz, Pol Skoulz, Gari Nevill («MYu»), Iker Kasilyas («Real Madrid»), Xavi, Karles Puyol («Barselona»), Roar Strand («Rusenborg»), Aleksandr Shovkovskiy («Dinamo» K.), Xaver Zanetti («Inter»).

TO’PURARLAR POYGASI

— 1992/1993 yillar mavsumidan buyon turnirda eng ko’p gol urgan futbolchilar jadvalidan o’rin olganlar orasida faqatgina Lionel Messi, Dide Drogba va Krishtianu Ronaldugina joriy yili o’z faoliyatlarini davom ettirishmoqda.

ISHTIROKCHILAR BO’YICHA

— Hozirgi paytda Evropada faqat bitta davlat vakillaridan iborat klubni topish juda qiyin. To’g’ri, «Atletik» (Bilbao) fikrimizga qarshi chiqish mumkin, lekin u ChLdan tashqarida.

— 1961 va 1962 yillarda nufuzli musobaqa g’olibligiga erishgan «Benfika» faqat portugaliyaliklardan tashkil topgandi. Ha, klub tarkibida Portugaliyaning Afrikadagi koloniyalaridan kelgan futbolchilar ham o’ynashardi.

— «Real Madrid» (1966) va «Styaua» (1986) jamoalari legionerlarsiz ham o’z maqsadlariga erishganlar. O’sha «Real» tarkibidagi Xose Santamariya va Ferents Pushkash tegishlicha Urugvay va Vengriyada tug’ilgan bo’lsalarda, o’z mamlakatlari fuqaroligidan chiqib ketishgandi.

— «Nottingem Forest» (1979, 1980), «Liverpul» (1981), «Aston Villa» (1982) jamoalari faqat Buyuk Britaniya fuqarolaridan iborat holda g’oliblikka erishganlar.

— 2006 yil 13 sentyabrida «Gamburg» bilan o’yin o’tkazgan «Arsenal»ning maydondagi o’yinchilari 11ta davlatdan edilar. 28-daqiqada Habib Kolo Ture almashtirilgach, quyidagi holat yuzaga keldi: Yens Lemann (Germaniya), Emmanuel Ebue (Kot-d~Ivuar), Yoxan Juru (Shveytsariya), Jastin Xoyt (Angliya), Uilyam Gallas (Frantsiya), Tomash Rositski (Chexiya), Jilberto Silva (Braziliya), Sesk Fabregas (Ispaniya), Aleksandr Gleb (Belarus), Emmanuel Adebayor (Togo), Robin van Persi (Gollandiya).

— «Arsenal»ga tegishli yana bir rekord. Jamoa 2005 yil sentyabridan 2006 yil mayiga qadar o’z darvozasi daxlsizligini saqlash bo’yicha rekord natijaga (995 daqiqa) erishdi. Bu ko’rsatkichning 648 daqiqasi Yens Lemann, 347 daqiqasi esa Manuel Almuniyaga tegishli.

SHAHARLARGA OID

— Milan, Madrid, Belgrad shaharlarining 2tadan jamoasi Chempionlar kubogi Ligasi g’olibligini qo’lga kiritgan.

— Afina va London shaharlarigina bir mavsumda Chempionlar Ligasida 3tadan vakilga ega bo’lgani bilan maqtana oladi. Afinaning «Olimpiakos», «Panatinaikos» va AEK jamoalari 2003/2004 yillar mavsumida, «Chelsi», «Arsenal», «Tottenxem» esa ChL-2010/2011da tengdaniga ishtirok etishgan. Aytgancha, London klublari guruhdan chiqishib, bu borada Angliya poytaxtining yagonaligini ta’minlashdi.

— Faqat Angliyaning 5ta shahri vakili Chempionlar kubogi Ligasi g’olibligini qo’lga kiritgan. Bular — Liverpul, Manchester, Nottingem, Birmingem, London.

— Musobaqa tarixi davomida atigi 4 marta derbi kuzatilgan. 1958/1959, 2002/2003, 2003/2004 va 2004/2005 yillar mavsumida ishqibozlar 2ta yarim final va 2ta chorak final o’yinida derbiga guvoh bo’lishgan.

GURUH BOSQICHI REKORDLARI

— «Milan», «PSJ», «Spartak» (Moskva), «Barselona», «Real Madrid» jamoalarigina bitta mavsumdagi guruh bosqichining barcha uchrashuvlarini g’alaba bilan yakunlashgan. Birgina «Milan» rekord qayd qilgan mavsumda finalgacha etib borgan.

— Mavsum-2002/2003da AEK (Afina) guruhdagi barcha uchrashuvlarni durang bilan yakunlab, keyingi bosqichga yo’l olgan.

— 1998/1999 yillar mavsumida «MYu», 2011/2012 yillar mavsumida esa «Barselona» guruh bosqichida 20tadan gol urgan — eng yuqori ko’rsatkich.

O’YINCHILARGA OID REKORDLAR

1962/1963 yillar mavsumida «Milan» sharafini himoya qilgan Joze Altafini 14ta gol urib, bu borada rekord o’rnatgan edi. 2011/2012 yillar mavsumida esa «Barselona» vakili Leo Messi rekordni takrorladi.

— Musobaqadagi ilk «xet-trik»ni 1955 yil 7 sentyabrda vengriyalik hujumchi Peter Palotash qayd etgandi. Faqat 3 nafar futbolchiga musobaqa finalida «xet-trik» qilish nasib etgan. Bular — Alfredo di Stefano (1960), Ferents Pushkash (1962), Perino Prati (1969). Pushkashning jamoasi 1962 yilgi finalda mag’lub bo’lgandi.

— Ikki futbolchigina bir mavsumda 2ta o’yinda 3ta va bundan ko’p gol urgan: «Barselona»dan Leo Messi (3/5), «Bavariya»dan Mario Gomes (3/4). Bular 2011/2012 yillar mavsumida qayd etildi.

— Quyidagi 6 nafar futbolchi ChLdagi debyut o’yinidayoq «xet-trik»ka erishgan: Marko van Basten («Milan»), Faustino Asprilya («Nyukasl»), Yakubu Ayegbeni («Makkabi» X.), Ueyn Runi («MYu»), Vinchentso Yakinta («Udineze»), Grafite («Volfsburg»).

— 2011 yilning 14 sentyabrida «Benfika»ga qarshi maydonga tushgan Rayan Giggz ChLda gol urgan eng keksa futbolchidir. O’sha payt u 37 yoshu 289 kunlik edi. Rayan yana ChLning 16ta mavsumida gol urgan yagona futbolchidir.

— Piter Ofori Kuaye «Olimpiakos» tarkibida 1997 yil 1 oktyabrda «Rusenborg»ga qarshi bahsda gol urganida, 17 yoshu 194 kunlik edi.

— ChLdagi eng tezkor gol muallifi «Bavariya» hujumchi Roy Makaaydir. U 2007 yilning 7 martida «Real Madrid»ga qarshi bo’lib o’tgan o’yinning 10,12-soniyasida hisobni ochgandi.

— Atigi 3 nafar davozabon ChLda gol urishga muvaffaq bo’lgan — Xans Yorg Butt, Sinan Bolat, Vensan Eneama. Butt «Gamburg», «Bayer» va «Bavariya» jamoa­lari safida o’ynaganida, «Yuventus»ni xafa qilishga erishgan.

— Zlatan Ibragimovich 6ta klub safida ChLda raqiblar darvozasiga to’p kiritgan yagona futbolchidir. Uning statistikasi quyidagicha: «Ayaks» (19ta o’yin, 6ta gol), «Yuventus» (19ta o’yin, 3ta gol), «Inter» (22ta o’yin, 6ta gol), «Barselona» (10ta o’yin, 4ta gol), «Milan» (8ta o’yin, 4ta gol), «PSJ» (9ta o’yin, 3ta gol).

— Marko Ballotta «Latsio» tarkibida 2007 yil dekabrda «Real Madrid»­gaqarshi maydonga tushganida, 43 yoshu 252 kunlik edi.

— Paolo Maldini jonajon klubi — «Milan» uchun ChLda 139ta o’yin o’tkazgan — mutlaq rekord.

— Selestin Babayaro «Anderlext» tarkibida 1994 yil 23 noyabrda 16 yoshu 87 kunlik bo’lgan payti «Styaua»ga qarshi bahsda maydonga tushgan.

MURABBIYLAR — JAMOA DIRIJYORLARI

— «Liverpul»ning afsonaviy murabbiyi Bob Peysli o’z jamoasini 3ta finalda mag’lubiyatsiz boshqargan. Bu 1977, 1978, 1981 yillarga to’g’ri keladi.

— Yaqinda murabbiylik faoliyatini tugatgan ser Aleks Fergyuson 4 marta finalda ishtirok etgani bilan faxrlana oladi. Ulardan yarmi uning foydasigahal bo’lgan. Ya’ni 1999 va 2008 yili «MYu» kubokni yutgan. Jovanni Trapattoni («Yuventus») va Migel Munos («Real Madrid») ham 4tadan final yuzini ko’rishgan.

— Joze Mourino va Xosep Gvardiola esa bugunning eng omadli murabbiylari hisoblanishmoqda. Zero, jamoalari ishtirok etgan 2tadan final ham ularning foydalariga hal bo’lgan.

— Marchello Lippi («Yuventus» — 1996, Italiya — 2006) va Visente del Boske («Real Madrid» — 2000, 2002, Ispaniya — 2010) ham Evropa Chempionlar Ligasi, ham JChda g’olib chiqqan murabbiylar hisoblanishadi.

— 6 nafar murabbiy futbolchilik faoliyatida ham Chempionlar kubogi Ligasi bosh sovrinini qo’lga kiritgan. Bular — Migel Munos («Real Madrid»), Jovanni Trapattoni, Karlo Anchelotti («Milan»), Yoxan Kroyff, Frank Raykaard, Xosep Gvardiola. Ulardan oxirgi 3 nafari murabbiy sifatida «Barselona» bilan birga shonli g’alabalarga erishgan.

— Ernst Xappel, Ottmar Xittsfeld, Joze Mourino — bular turli klublar bilan Chempionlar Ligasi g’olibligiga erishgan murabbiylar. Xappel («Feyenoord» va «Gamburg»), Xittsfeld («Borussiya» D. va «Bavariya»), Joze Mourino («Portu» va «Real Madrid») orasidan faqatgina Xittsfeld qisqa muddat ichida, ya’ni 4 yil davomida ikki jamoani g’oliblikka etaklagan.

— 2011 yil mavsumi oxirida Joze Mourinoning 4 jamoa bilan yarim finalga etib kelgan yagona murabbiy ekanligi oydinlashdi. Uning boshqaruvida quyidagi klublar yarim finalda o’ynashdi: «Portu» (2004), «Chelsi» (2005, 2007), «Inter» (2010), «Real Madrid» (2011, 2013).

PREZIDENTLAR REKORDI

— Musobaqa tarixida 2ta ota-bola prezident uchraydi. «Ayaks» prezidentlari Yapp van Praag (1970-1971, 1971-1972, 1972-1973) va Mixel van Praag (1994-1995) bu borada birinchi hisoblanishadi. Taniqli siyosatchi Yapp van Praag Amsterdam superklubiga 1964-1978 yillarda rahbarlik qilgandi. Ikkinchi juftlik «Inter» (Milan) prezidentlari — Anjelo va Massimo Morattidir. Ulardan birinchisi 1963-1964 va 1964-1965 yillar mavsumida g’alaba qozongan bo’lsa, Massimo Moratti portugaliyalik Joze Mourino ko’magi bilan 2009-2010 yillar mavsumida kubokni yutishga erishdi.

Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.