Эксклюзив /

Moyes «MYu»ni xis qilishi uchun vaqt kerak

«Manchester Yunayted» muxlislarining o’zaro davrasidagi ayni paytdagi mavzu – Devid Moyes va «Manchester Yunayted»ning keyingi axvoli. Yangi murabbiyning ishlash uslubi, maydondagi taktikasi va jamoaning mavsumdagi ko’rsatayotgan o’yinlari muxlislarni xavotirga solmoqda hamda bu borada qizg’in tortishuvlar bo’lmoqda.

Deyarli hamma «Manchester Yunayted»ning siyosati, falsafasi hamda yangi mavsumdagi transfer harakatlari haqida etarlicha tasavvurga ega. O’zgarmas murabbiy, har bir chiziqda yulduz bo’lmagan o’yinchilar va ma’lum mavsumda yulduz bo’ladigan o’yinchilar. Qolaversa, uning atrofidagi o’zgacha muxlisu tomoshabinlar. Go’yoki, o’zgarmas va to’xtamas mexanizm. Qisqasi ruschasiga «kompaktno’y mexanizm».

Bu mavsumdan jamoada yangi ish boshlagan bosh murabbiy Devid Moyesni jamoaga olib kelinishidan asosiy maqsad ham, o’sha mexanizmni buzib yubormasdan davom ettirish edi. Eclab ko’ring, bu murabbiyni boshqalar kabi, aka-uka Gleyzerlar o’zi yoqtirgani uchun yoki ser Aleks va D.Gill kengashib: «Bizga Moyes mos tushadi. Kelinglar shuni olib kelamiz» deb ikkovi kelishgani uchun tanlanmadi. Bu yillar davomida kuzatib kelingan, har tomonlama o’rganilgan va oxir-oqibat shu murabbiyni tanlangan yakuniy qaror. Qolaversa, sobiq murabbiy ser Aleks Fergyussondan keyin keladigan murabbiyni hamma muxlislar o’z ovozi bilan tanladi» – desam adashmiyman. Chunki, kutilmaganda 8-may kuni ertalabda shov-shuv ko’targan xabardan keyin, hamma ««Manchester Yunayted»» muxlislarining fikri bitta uning nomzodida to’xtardi. Sababi Moyes haqida berilayotgan barcha tavsifnoma, «Manchester Yunayted»ni navbatdagi uzoq muddat boshqara olishiga ishora qilardi.

Moyes oldidagi muammolar

Devid Moyes hali «Manchester Yunayted»da ish boshlamasidan oldin ma’lum ediki, bu murabbiyga juda katta bosim bo’ladi. O’rtamiyona jamoadan-dunyodagi top-klubga o’tishi, futbol tarixidagi takrorlanmas buyuk murabbiy o’rniga chiqishi, mavsum boshida yangi jamoasidagi yurishini boksing-deyzda kuchli raqiblarga qarshi o’ynashi hammasi qo’shimcha bosimni yuklardi. Natijada APLda 6ta o’yinda 3ta mag’lubiyat. Bu 1989G’90 yilgi antirekordni takrorlanishi edi. Bunday bosimni engish uchun yarim, balkim butun mavsum ketar. Transferlar paytida Moyes «Transferlar kompaniyasida «Manchester Yunayted»ning pozitsiya yuzasidan» alohida muxlislar uchun intervyu berishi ham yuqoridagi gapimni isboti.

Bundan tashkari Moyes o’zi o’ylab qo’ygan o’yin uslubiga jamoadagi o’yinchilarning jismoniy holati javob beradimi, yo’qmi? U o’tgan yilgi chempionlarni o’z o’yin uslubida qanday o’ynata oladi? Ularni jismoniy va ruhiy tayyorgarligi barcha frontda kurashish uchun javob beradimi? Shu kabi savollar kun tartibida bugungacha kelmoqda. Moyes yangi mavsumdagi o’tkazilgan 8ta o’yin bilan, o’yinchilarning jismoniy va ruhiy holatidan shikoyat qilishni boshladi. Demak, Moyes o’zi istagan o’yin uslubiga, ayni paytda o’yinchilar tayyor emas. Yoki aksincha murabbiy ularni ishontira olmayapti.

Moyes uchun hozir asosiy bosh og’riq bo’layotgan jihat bu – jamoadagi ijrochini tanlash. Runimi? Yo o’tgan mavsum to’purari van Persimi? Kagavami yo Fellaynimi? Qay biri og’ir vaziyatlarda muhim ijrochiga aylana oladi? Balki, shuning uchun aksariyat gollar o’yindan emas, standart vaziyatdan kiritilayotgandir… Shu holat o’z navbatida tarkibda xaddan ziyod rotatsiya qilishga, keyin maydonda o’yinchilarni o’zaro tushunmovchiligiga, undanam keyin esa raqiblarga bo’sh zona ochib berishga va keragidan ortiq gol o’tkazib yuborishga olib keldi. Masalan: markazda o’ynaydigan Kagava qanotda o’ynayapti; tayanch zonasida o’zini erkin his qiladigan Jons, qanotda charchab qolyapti. Oldinlari oldingi chiziq faolligi evaziga himoyadagi xatolar yopilib ketardi. Bu mavsum yangi murabbiy qo’l ostida o’sha oldingi chiziq ijrochilari muarbbiy nima demoqchiligini o’yinda ayta olishmayapti. Himoya esa borgan sari zaiflashib bormoqda. Moyes nima uchun Beynsni sotib olishni va ijaraga Koentrauni olib kelishni istaganini endi xulosa qilgandirsiz...

Men Moyes kelishidan oldin bunday muammolar kelib chiqishini bilmasdi demoqchi emasman. Yo’q! U hammasini oldindan bilib shunga yarasha yurish qilgandi. Markazni bo’shligini, himoyadagi kamchiliklarni, mavsumni og’ir boshlanishini, bosimni, o’yinchilarni o’ziga ishontira olishi uchun vaqt kerakligini bilgandi. Mana shu sanab o’tilgan muammolar borasida u mavsum avvalida tinmay ishladi. Himoyaga Beyns va Koentrauni olmoqchi bo’ldi, vaqt etmadi. Markazga o’zi xohlagan o’yinchini oldi. Hammadan: rahbariyatdan, jamoadan hamda muxlislardan o’ziga ishonishlarini va buning uchun vaqt kerakligini, o’zi uchun qulay bo’lgan ish sharoitini yaratib berishlarini so’radi. Ser Aleks ham hayrlashuv uchrashuvida bunga alohida to’htalib barchadan murabbiyga ishonishlarini so’radi.

Shunday ekan, Moyesda muammolarni hal qiluvchi qandaydir choralar bor deyish mumkin. Devid Moyes chindanam qiyin vaziyatga tushib boryapti. Har qanday mag’lubiyatni o’zgacha ruhda ko’tara oladigan irodali muxlislar ham bu murabbiyga e’tiroz bildirayotgan ekan, bunga ular haqli. Ammo meni nazarimda, murabbiyga imkoniyat berish, dalda bo’lish kerak. Ha, VAQT! Moyesga vaqt kerak. Murabbiy va o’yinchilar o’zaro til topishlari uchun vaqt kerak. Mashg’ulotlardagi tinimsiz mashqlarni rasmiy o’yinlarda isbotlash uchun vaqt kerak.

Moyes hal qilishi kerak bo’lgan vazifalar

«Manchester Yunayted» bundan ham og’ir vaziyatlardan chiqib keta olgan. Lekin bu hamma xotirjam bo’lsin degani emas. Shu nuqtai nazardan, Moyes ba’zi chiziqlarga e’tibor qaratishi zarur deb o’ylayman.

Birinchisi

«Manchester Yunayted»ning azaldan maydondagi ustunligi bo’lgan qanotlarni kuchaytirish. Buning uchun Yang va Valensiyaga raqobat qiladigan Nani va yosh vinger Yanuzay faolligini asosiy tarkibda o’ynash imkoniyatini berish orqali amalga oshirish;

Ikkinchisi

Markazdagi xatolar Moyesga ikki hissa bo’lib qaytmasligi uchun Fellaynini «Manchester Yunayted»da kashf etishi zarur. «Everton»dagi Fellayni Manchesterda qay darajada o’ynayotganini hamma ko’rmoqda. Shuning uchun «qizil iblislar»ning 3-4 yildan beri bo’sh nuqtasi hisoblangan markazni o’ynata olishi kerak. Kagava, Kerrik, Fellayni, Anderson, Jons(Rafael safga qaytganda)larni o’ziga ishontira olishi kerak. Hech bo’lmaganda o’z holicha;

Uchinchisi

Himoyani joy-joyiga va o’z egasiga berish. Rafael safga qaytsa, menimcha Moyes uchun himoyadagi muammolari kamayadi. Rafani kutilmagan jarohati, himoyadagi parokandalikni va xatolarni ko’payishiga olib keldi. Jons qanot o’yinchisi emas. U tayanch zonasida o’zini ko’rsatadi. Chap qanotda Evra-Byutner almashinuvi bir nechta o’yinda salbiy holatlarni yuzaga keltirdi. Agar Moyes qanot himoyachilariga o’z imkoniyati darajasida ko’rsatmalar hamda yuklamalar bersa, VBA bilan bo’lgan o’yindagi kabi ayanchli holatga tushib qolmaydi. Rio Ferdinandning yoo’i o’tib qolgani, endi yuqori saviyadagi o’y1nay olmasligi haqidagi gaplar o’tgan yili ham, hatto mutaxassislar tilidan ham yangragandi. Mavsum boshidagi xatolar esingizdadir? Xuddi o’sha Ferdinand o’z sport formasiga qayta oldi va oqibatda, APL ramziy terma jamoasidan joy oldi. Tasavvur qilyapsizmi, Angliya chempionatidagi ikki markaziy himoyachidan biri, deb tan olingandi.

To’rtinchisi

Ishonch. Jamoaga ishonchni qaytarishi kerak. Agar murabbiy o’yinchilarni tilini topib olsa, ularni ruhlantiruvchi jihatlarini bilib olsa, ishonamanki jamoa yana avvalgi o’yinlarini topib oladi. O’yinchilarga o’z kuchiga ishonchni qaytarish, ishtiyoqni kuchaytirish zarur. Hozir jamoada o’yinga tashnalik yo’q, o’yinchilarning ko’zlarida «olov» yo’q. Qandaydir ishonchsizlik va xato qilib qo’ymaslik hissi bor.

Xulosa

26 yil davomida chempion jamoani shakllantirgan Fergyusson bilan ish boshlaganiga 6 oy bo’lmagan Moyesni solishtirib baho berish yoki Fergyussonning chempion jamoasi bilan «Moyes yutqazmasligi kerak edi. Moyes ket!» degan fikrlarni olg’a surish noto’g’ri. Og’ir mavsum boshida o’yinlardan xulosa chiqarib, Moyesni ayblaydiganlarga umuman qo’shilmayman. Bu mavsum murabbiylar almashgan top-jamoalar (Chelsi, Manchester Siti, Barselona, Real, Bavariya, PSJ)ni misol keltirib «Ana shular ham o’ynayapti-yu» deb ham javob qaytarmang. Birinchidan, ushbu jamoalarda ham o’ziga yarasha muammolarni kuzatishimiz mumkin. Raqobatdan biroz holi bo’lgan Ispaniya va Germaniyada bu hola natijaga Angliyadagidek ta’sir qilmasligi bor gap. Ikkinchidan, 26 yil davomida bir murabbiy qo’l ostida o’ynab kelgan chempion jamoani, yangi kelgan murabbiy qabul qilishi bilanoq istasa-istamasa turli noqulayliklar va kelishmovchiliklar kelib chiqadi.

Qisqasi, barcha xatoyu kamchilarni bartaraf etish uchun, jamoani kuchli taraflari qaerdaligini sezish uchun, his etishi uchun Moyesga vaqt kerak. Sabr qilish kerak.

Muallif: Shuhrat Parpiev.

Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.