Эксклюзив /

Runining 10 ta bema’ni qiliqlari!

«Kardiff» bilan bo’lgan o’yinda «MYu»ning iqtidorli va shu bilan birga, o’ta jizzaki hujumchisi yana qo’pollikka yo’l qo’ydi. Bu Sport.ru sayti ijodkorlarini Runi faoliyatidagi salbiy holatlarga durustroq e’tibor qaratishga majbur etdi.

Hakamni «olqishlash» (2008 yil, sentyabr)

ChL doirasidagi «Vilyarreal»ga qarshi kechgan o’yinda Runi Alvaresga nisbatan qo’pollik ishlatgani uchun sariq kartochka bilan jazolangandi. Bunga javoban hujumchi daniyalik hakam Milton Nilsenning qaroridan norozi ekanligini bildirish maqsadida kuchli qarsaklar bilan uni «olqishlab» qo’ydi. Oqibatda ikkinchi «gorchichnik»ni ham olib, maydonni barvaqt tark etdi. Keyinchalik Runi o’sha jizzakiligidan tegishli xulosa chiqargani va bundan keyin o’z ehtiroslarini jilovlashga odatlanganligini ta’kidlagandi.

Sardor bilan bo’lgan mojaro (2005 yil, sentyabr)

JCh-2006ning Shimoliy Irlandiya bilan bo’lgan saralash uchrashuvida inglizlar 0:1 hisobida mag’lub bo’lishdi. Buning ustiga raqib o’yinchilarining tinmay qo’pollik ishlatishlari Runini muvozanatdan chiqarib, jazabini jilovlay olmagan hujumchi sariq kartochkaga loyiq ko’rildi. Shu tariqa u keyingi o’yinda maydonga tushish huquqidan mahrum bo’ldi. Devid Bekxem yosh jamoadoshini tinchlantirishga uringanida esa Runi avval jamoa sardorini, keyin Rio Ferdinandni kerakli «manzilga yo’lladi», hatto echinish xonasida ham o’zini jilovlay olmadi.

Kamera qarshisidagi haqorat (2011 yil, aprel)

«Vest Xem»ga qarshi kechgan o’yindagi «xet-trik» Runini shunchalik to’lqinlantirib yubordiki, u o’z ehtiroslarini maydon chetiga o’rnatilgan kamera bilan o’rtoqlashgisi kelib qoldi. Garchi bu odat britaniyalik barcha futbolchilarda kuzatilsada, negadir mamlakat FAning mutasaddilari o’sha oqshom hujumchidan qattiq xafa bo’lishdi. Natijada diskvalifikatsiya bilan jazolangan Runi «Manchester-Siti»ga qarshi Angliya kubogining yarim finalida maydonga tusholmadi.

Terma jamoa muxlislariga dashnom (2010 yil, iyun)

JCh-2010ning guruh bosqichidan o’rin olgan Angliya-Jazoir bahsidagi nursiz durang (0:0)dan keyin Runi va uning jamoadoshlarini angliyalik muxlislar kuchli hushtakbozlik bilan kuzatib qo’yishdi. Albatta, bu noxush holat Runini befarq qoldirmadi: «O’z muxlislaringdan shunday hushtakbozliklarni eshitish qanday maroqli! Mana shularni chinakam fanatlar desa bo’ladi», — dedi hujumchi kameraga qarata. Tabiiyki, Runining kinoyasi JARga tashrif buyurgan inglizlarga yoqmadi. Terma jamoa mutasaddilari esa buning uchun zudlik bilan uzr so’rashdi. Chunki oldinda Angliyani Sloveniyaga qarshi muhim uchrashuv kutib turgandi.

Bayroqcha bilan olishuv (2009 yil, mart)

«Kreyven Kottej»da bo’lib o’tgan safar uchrashuvining ikkinchi bo’limida Runi zaxiradan maydonga tushdi. Bu paytda «MYu» 0:1 hisobida imkoniyatni boy berayotgandi. O’yinning 81-daqiqasida Ueyn Dakurga nisbatan qo’pollik ishlatib, sariq kartochka oldi. Oradan 6 daqiqa o’tgach, hujumchi hakamning qaroridan norozi ekanligini to’pni maydonga otib yuborish orqali namoyish etdi. Oqibatda hakam unga ikkinchi «gorchichnik»ni ko’rsatishga majbur bo’ldi. Runi avvaliga maydonni tark etishdan bosh tortdi, keyin bor alamini maydon chetidagi bayroqchadan oldi. Natijada uni 3ta o’yinga diskvalifikatsiya qilishdi. «MYu» o’sha o’yinni 0:2 hisobida boy berdi.

«Everton» muxlislariga «siylov» (2008 yil, oktyabr)

O’zining sobiq jamoasiga qarshi kechgan o’yinda Runi Artetaga nisbatan qo’pollik ishlatib, ogohlantirish oldi. Keyinchalik «Everton» muxlislari joylashgan tribuna qarshisida «MYu» ramzini o’pish orqali ularga salom yo’lladi. Har holda yaqindagina «doimo ko’m-ko’k» yozuvi tushirilgan futbolkani kiyib yurgan va «Liverpul»ga qarshi derbida tez-tez eslatib turadigan futbolchi uchun bu yarashmagandi.

Xavfli o’yin (2009 yil, dekabr)

ChL doirasidagi «Beshiktosh» bilan bo’lgan safar uchrashuvida ham Ueyn Runi o’zini noqulay vaziyatga solib qo’ydi. Fergyuson o’yinning ikkinchi bo’limida uning o’rniga boshqa futbolchini maydonga tushirdi. Bundan norozi bo’lgan hujumchi zaxira o’rindig’ida o’tirgan holda butsasini maydonga uloqtirdi. Bu ham kamlik qilgandek, tez orada turkiyalik muxlislar bilan dahanaki jangga kirishdi. 2006 yildagi JChda ham bosh murabbiy hujumchini Shvetsiyaga qarshi uchrashuvning ikkinchi yarmida o’yindan olgan, o’shanda ham Runi o’z alamini butsadan olgandi. Uning o’zini tuta olmasligidan hatto Nevildek bosiq futbolchi ham asabiylashib, uni jiddiy tanqid qilgandi.

Ispaniya bilan bo’lgan o’rtoqlik uchrashuvi (2004 yil, noyabr)

O’sha o’yinni Angliyada «sharmandalik oqshomi» deb atashdi. Uchrashuv ko’plab irqchilikka xos shiorlar ostida, keskin to’qnashuvlar bilan o’tgandi. Ayniqsa Runi juda asabiylashib, Kasilyasni maydon chetiga uloqtirib yuborgandi. Uni maydondan chetlatilishiga yo’l qo’ymaslik maqsadida Erikson Runini boshqa o’yinchiga almashtirdi. Biroq shunda ham futbolchi maydonni tinchgina tark etmadi: U kimnidir qattiq haqorat qilgan holda bilagidagi motam bog’ichini uzib tashladi.

2006 yilning avgustida o’tkazilgan «Portu»ga qarshi o’rtoqlik uchrashuvida ham bezorilik qilgan Runi 3ta o’yinga maydondan chetlatilgandi.

Chernogoriyaga qarshi o’yindagi qizil kartochka (2011 yil, oktyabr)

Evro-2012ning so’nggi saralash uchrashuvida to’pni oldirib qo’ygan Runi aqlu-hushini ham yo’qotib qo’ydi. Oqibatda, Miodrach Judovichning oyog’iga orqa tomondan kuchli zarba berdi. Shu tariqa qizil kartochkaga loyiq ko’rilgan hujumchi Evroning final bosqichida 3ta o’yinga diskvalifikatsiya qilindi. Keyinchalik FA jazoni 2ta o’yinga qisqartirdi.

JChdagi chetlatish (2006 yil, iyun)

Portugaliya bilan kechgan chorak final bellashuvida Runi erda yiqilib yotgan Rikardu Karvalyuning oyoqlarini ataylab bosib o’tdi. Voqea joyiga yaqin turgan Orasio Elisondo o’z raqibiga nisbatan ochiqchasiga qo’pollik ishlatgan hujumchini maydondan chetlatdi. Runi shuningdek, 5000 Shveytsariya franki miqdoridagi jarimaga ham tortildi. Kamchilik bo’lib qolgan Angliya terma jamoasi esa asosiy va qo’shimcha vaqtlarda g’alabaga erisholmadi. Penaltilar seriyasida esa omad Portugaliyaga kulib boqdi.

Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.